Surxondaryoda referendum oldidan brifing o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi 9–Surxondaryo okrug komissiyasining matbuot markazida brifing bo‘lib o‘tdi.
Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda 9-Surxondaryo okrug komissiyasi raisi Abdisalom Xo‘jaqulov okrug hududidagi ovoz berish uchastkalarida referendumga ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari va Markaziy saylov komissiyaning qarori bilan joriy yil 19 apreldan boshlangan muddatidan oldin ovoz berish jarayoni haqida axborot berdi.

Qayd etildiki okrug hududidagi 860 ta uchastkaning barchasi kalendar rejada belgilangan chora-tadbirlar doirasida jihozlanib, ovoz beruvchilar uchun zarur sharoit yaratildi. Ayni paytda viloyatdagi uchastkalarning 685 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 58 tasi kollej, litsey va texnikumlarda, 13 tasi mahalla fuqarolar yig‘inlarida, 19 tasi tibbiyot muassasalari, sanatoriy va dam olish maskanlarida, 7 tasi oliy o‘quv yurtlari binolarida, 25 tasi davlatga qarashli korxona va tashkilotlarda, 33 tasi adliya, davlat xizmatlari, madaniyat va sport markazlarida, 16 tasi harbiy qism va ozodlikdan mahrum etish muassasalarida, 4 tasi tadbirkorlik subektlari binolarida faoliyat yuritmoqda.

Mamlakatimizning boshqa ko‘plab uchastkalari singari okrug hududidagi referendum o‘tkazuvchi uchastkalarning 30 tasida 30 aprel kuni fuqarolarning ovoz berish jarayoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etib turiladi. Buning uchun ham alohida hozirlik ko‘rilib, mazkur uchastkalar eng zamonaviy videoqurilmalar va boshqa axborot–kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlandi.
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunida referendum kuni ma’lum sabablarga ko‘ra yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchining muddatidan oldin ovoz berishi belgilab qo‘yilgan. Shunga asosan Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan mamlakatimizda 19 apreldan muddatidan oldin ovoz berish boshlandi. Uni yuksak saviyada o‘tkazish uchun uchastkalar tegishli tartibda yetarli bllyuten bilan ta’minlandi. Yurtdoshlarimiz dam olish va bayram kunlari ham soat 12:00 dan soat 16:00 gacha ro‘yxatga olingan referendum uchastkasiga borib, muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu jarayon bugun kech soat 18.00 gacha davom etadi.
Brifing yakunida Markaziy saylov komissiyasida akkreditatsiyadan o‘tgan ommaviy axborot vositalari xodimlariga maxsus guvohnoma, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun eslatma shaklida chop etilgan kitobcha topshirildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri