Surxondaryoda g‘allaga o‘roq tushdi
Surxondaryo viloyatida g‘alla o‘rim-yig‘imi uyushqoqlik bilan boshlandi.
Mavsum oldidan Hakim Termiziy majmuasida mavsum oldidan voha faollari, tuman hokimlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari, mehnat faxriylari, diniy soha vakillari ishtirokida ehson tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov g‘allakorlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish, dasturxonlarimiz ko‘rki, to‘kin turmushimiz manbai bo‘lgan donni nobud qilmay yig‘ishtirib olishda klaster va fermerlarning barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etishi, tajribali mutaxassislar va soha faxriylarining maslahatlariga tayanishi ta’kidlandi. Yurtimiz tinchligi, mamlakatimiz obodligi, donimiz mo‘l bo‘lishi va mavsumning xayrli o‘tishi tilanib, duo qilindi.

Viloyat g‘allakorlari joriy yil hosili uchun 84 ming 672 gektar maydonda g‘alla yetishtirdi. Hosilni qisqa muddatlarda isrof qilmasdan yig‘ib olish uchun 120 ta maxsus otryad tashkil etilib, ularga 234 ta yuqori unumli kombayn, 1 ming 191 ta yuk tashish texnikasi, 110 ta ko‘chma ustaxona va 79 ta yoqilg‘i tashish vositasi biriktirildi.
Muzrabot tumanida 10 ming 500 gektar maydonda boshoqli don parvarishlanib, mo‘l hosil to‘plandi. Donni nobud qilmay yig‘ishtirib olish uchun 16 ta otryad 23 ta zamonaviy kombayn hamda don tashiydigan texnika bilan ta’minlandi. G‘allakorlarning barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida sifatli bajargani va ob-havoning qulay kelgani mo‘l hosil to‘plashda muhim omil bo‘ldi. Don erta pishib, yetildi. Shu kunlarda o‘rim-yig‘im uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Mavsum ishtirokchilariga barcha sharoit yaratilgan.

Tumandagi “Dilshod Ibrohim” fermer xo‘jaligi 30,8 gektar maydonda g‘allaning erta pishar va serhosil “Turon” navini ekib, mehr bilan parvarishladi. Fermerning oqilona mehnati, yerga bo‘lgan e’tibori va barcha agrotexnik tadbirlarni puxta tashkil etgani mo‘l hosil to‘plashga xizmat qildi.
– Don – tinch, to‘kin hayotimiz manbai, dasturxonlarimiz fayzi, – deydi “Dilshod Ibrohim” fermer xo‘jaligi rahbari Nosir Baratov. – Yerga ishlov berib, kuz faslida ekilgan maysalar parvarishi o‘z vaqtida amalga oshirilsa, hosil salmoqli bo‘ladi. Erta pishib yetilib, barvaqt o‘rib olishga qulay muhit yaratadi. Bu boshoqlar isrof bo‘lishining oldini oladi. G‘alvir suvdan ko‘tarilganida har gektar maydondan o‘rtacha 80-90 sentnerdan sara don yig‘ib olyapmiz. Bu o‘tgan kuz faslidan buyon qilgan mehnatimiz samarasidir.

Viloyatning Termiz, Angor, Jarqo‘rg‘on kabi tumanlarida ham pishib, yetilgan boshoqli don o‘rib-yig‘ib olinib, peshma-pesh qabul shoxobchalariga topshirilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA