Surxondaryoda davlat mukofotlari tantanali topshirildi
Prezidentimizning tegishli farmonlariga muvofiq, mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan taqdirlangan bir guruh surxondaryoliklarga davlat mukofotlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mukofotlanganlar orasida davlat xizmatchilari, mehnat faxriylari, olimlar, tibbiyot xodimlari, fermer va tadbirkorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, harbiy xizmatchilar va boshqa sohalar xodimlari bor.
Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimiz rivoji, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida halol mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz xizmati munosib e’tirof etilib, davlat mukofotlari bilan taqdirlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Eng faol, tashabbuskor, fidoyi insonlar mehnati qadr topayotgani barcha sohalarni yuksaltirishda yangi yutuqlarga chorlayotgani qayd etildi.
Davlat mukofotlarini viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov topshirdi.
Taqdirlanganlar davlatimiz rahbarining yuksak ishonchiga sazovor bo‘lgani Vatan taraqqiyoti yo‘lidagi mehnatlariga berilgan yuksak baho ekani haqida so‘z yuritib, mukofot kelgusida ham Yangi O‘zbekiston rivoji yo‘lida yanada samarali mehnat qilishga undaganini faxr bilan e’tirof etdi. Ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri