Surxonda ko‘klamoldi hashar ishlari boshlandi
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat Kengashining VII chaqiriq oltinchi sessiyasida viloyatdan saylangan senatorlar, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari deputatlari, hokimliklar, mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, xotin-qizlar va yoshlar vakillari, tadbirkorlar hamda agroklaster rahbarlarining “Viloyatimizning har bir go‘shasini bunyodkorlik va obodlik maskaniga aylantirishga barchamiz munosib hissa qo‘shaylik!” shiori bilan murojaati qabul qilindi.
Murojaatda aholining yagona maqsad yo‘lida birlashib, har bir xonadon, ko‘cha va mahallani yanada obod hamda saranjom-sarishta hududga aylantirish, yangi bog‘lar yaratish, tomorqalardan oqilona foydalanish, ehtiyojmand oilalar xonadonlarini ta’mirlash uchun hasharlar uyushtirish kabi ezgu tashabbuslar ilgari surilgan.

– Murojaat yurt obodligi, xonadonlar va mahallalar farovonligi yo‘lida Surxondaryo ahlini birlashtirishga xizmat qiladi, – deydi sessiya ishtirokchilarini murojaat bilan tanishtirgan Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmuratov. – Har bir oilani o‘z uyida “Obod xonadon” mezonlarini joriy etishiga, qo‘ni-qo‘shnilar, mahalladoshlar va yoshlarni hududdagi ehtiyojmand oilalar xonadonlarini hashar yo‘li bilan ta’mirlab berishga undaydi. Shunga asosan “Navro‘z” umumxalq bayramigacha “Mahalla yettiligi” a’zolariga biriktirilgan ko‘chalarda 100 tupdan, ko‘chaboshilar va uy boshilar o‘z hududida 20 tupdan, har bir mahalla bog‘ida 500 tupdan vohadagi 724 mahallada 9 million tupga yaqin, viloyat bo‘yicha esa 16 millionga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chati ekiladi. Shuningdek, murojaatda viloyatdagi 724 ta mahallaning yer maydoni mavjud xonadonlarida 10 tupdan xurmo, limon, anjir kabi mevali daraxt ko‘chati ekish tavsiya etilgan.

Mazkur murojaatning amaldagi ifodasi sifatida ko‘ngillilar viloyatdagi qabristonlarga chiqib, avlod-ajdodlari mangu qo‘nim topgan sokin go‘shalarni obodonlashtirishni boshladi.
– Prezidentimizning olis, chekka hududlarga qaratayotgan yuksak e’tibori sabab tog‘ qo‘ynidagi bizning qishlog‘imiz ham obod va farovon manzilga aylanmoqda, – deydi Denov tumanidagi Ushor mahallasi raisi O‘tkir Haqnazarov. – Yozda chang, qishda loy bo‘lib ketadigan ko‘chalarimiz tekis va ravon bo‘lmoqda. Ta’lim va tibbiyot muassasalariga e’tibor kuchaytirilayotir. Shunga mos ravishda mahallamiz ahli bunyodkorlik ishlariga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Jumladan, bugun viloyatda boshlangan xayrli tadbirda qatnashgan yoshu keksa qabristonni obodonlashtirib, yovvoyi o‘t-o‘lan va xazonlardan tozaladi.

Viloyatda ko‘klamoldi uyushtirilgan hasharda mavjud 734 qabriston va uning atrofi yovvoyi o‘t-o‘lanlar, xazonlar, shox-shabbalardan tozalanib, dov-daraxtlarga ishlov berilyapti. Qabrlar suvalib, yo‘laklar tartibga keltirilmoqda.
Viloyat mahallalarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish davom etadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri