Superliganing 9-turi "Vodiy derbisi" bilan boshlanadi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining to‘qqizinchi turi bugun, 9 may kuni start oladi va 11 maygacha davom etadi.
Tur doirasidagi ilk uchrashuvlar "Andijon" – "Neftchi" hamda "Dinamo" – "Surxon" jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Ertaga, 10 may kuni esa "Qo‘qon-1912" – OKMK, "Paxtakor" – "Buxoro" va "Nasaf" – "Bunyodkor" bahslari o‘tkaziladi. 11 mayda esa "Navbahor" – "Xorazm", "Mash’al" – "Qizilqum" hamda "So‘g‘diyona" – "Sho‘rtan" jamoalari maydonga chiqadi.
Shu o‘rinda, bugungi turning markaziy bahsi sifatida "Bobur arena"da soat 18:00 da boshlanadigan "Andijon" – "Neftchi" uchrashuvi, ya’ni "Vodiy derbisi"ga alohida to‘xtalish lozim.
Mazkur jamoalar O‘zbekiston chempionati doirasida bungacha 51 marta maydonda to‘qnash kelishgan. "Neftchi" 33 ta, "Andijon" esa 10 ta o‘yinda zafar quchgan. 8 uchrashuv durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati esa 97:45 hisobida "Neftchi" foydasiga.
O‘tgan yilgi o‘zaro bahslar Farg‘onada 2:2, Andijonda esa 0:0 hisobida yakunlangan edi. Qizig‘i, "Andijon" o‘z maydonida "Neftchi"ni so‘nggi bor 2016 yilda 2:1 hisobida mag‘lub etgan.
Bugungi o‘yinda "Andijon" jamoasi yangi bosh murabbiy Maksim Shatskix qo‘l ostida maydonga tushadi. Avval jamoani boshqargan Aleksandr Xomyakov ketma-ket omadsiz o‘yinlardan so‘ng 8-turdan keyin lavozimidan ozod qilingan edi.
Qo‘shimcha ma’lumot sifatida, O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan Superligada aprel oyining eng yaxshilari ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, "Paxtakor" hujumchisi Igor Sergeev oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. "Nasaf" jamoasi ustozi Ro‘ziqul Berdiyev esa eng yaxshi murabbiy nominatsiyasiga loyiq deb topildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA