Superligada uzoq kutilgan 3-tur uchrashuvlari boshlanmoqda
Bugun, 27 mart kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 3-tur uchrashuvlari start oladi va ushbu bellashuvlar 29 martga qadar davom etadi.
Uchinchi turni “Xorazm” – “Buxoro” va “Qo‘qon-1912” – “Sho‘rtan” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv boshlab beradi. Toshkent viloyatidagi “Do‘stlik“ stadionida tashkil etiladigan “Xorazm” – “Buxoro” o‘yini soat 16:45 da start olsa, “Qo‘qon-1912” va “Sho‘rtan” bellashuviga Qo‘qon shahridagi “Markaziy“ stadion mezbonlik qiladi.
Ma’lumot uchun, “Qo‘qon-1912” hamda “Sho‘rtan“ jamoalari o‘tgan mavsum Pro-ligada o‘zaro to‘rtta uchrashuvda maydonga tushgan edi. Umuman olganda, jamoalar milliy chempionat bahslarida 12 marta to‘qnash kelgan.

O‘zaro uchrashuvlardagi statistika “Qo‘qon-1912” foydasiga. O‘tgan 12 ta bahsning 6 tasida qo‘qonliklar g‘alaba qozongan bo‘lsa, uchta uchrashuvda g‘uzorliklarning qo‘li baland kelgan va yana uchta o‘yin durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati esa 21/16 ko‘rinishini olgan.
Ushbu jamoalar joriy yilgi futbol mavsumidan Superligada qatnashmoqda. Qo‘qonliklar dastlabki ikki turda “Andijon” va “Neftchi”ga qarshi bahslarda durang o‘ynab, ko‘pchilikda yaxshi taassurot qoldirdi. “Sho‘rtan” uchun esa chempionat omadsiz boshlandi va g‘uzorliklar o‘tgan ikki turda “Xorazm” va “Bunyodkor” tomonidan mag‘lubiyatga uchradi va hattoki, musobaqa davomida biror marotaba gol ham ura olmadi.
Shunday ekan, bugungi to‘nashuvda “Qo‘qon-1912” jamoasining g‘alaba qozonish imkoniyatlari biroz yuqoriroq baholanmoqda.

Darvoqe, Superliganing 3-turidan quyidagi uchrashuvlar o‘rin olgan:
28 mart:
16:45. “Qizilqum” – OKMK
19:30. “Navbahor” – “Andijon”
20:00. “Bunyodkor” – “Surxon”
29 mart:
18:30. “Nasaf” – “Neftchi”
20:00. “Mash’al” – “So‘g‘diyona”
20:30. “Paxtakor” – “Dinamo”
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA