Superliga: «Dinamo» Olmaliqda g‘alaba qozondi
O‘zbekiston Superligasida 18-tur uchrashuvlari qizg‘in davom etmoqda. Maydonlarda keskin kurashlar va kutilmagan natijalar qayd etilmoqda, navbatdagi o‘yinlar esa intrigani yanada oshiradi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 18-tur uchrashuvlari davom etmoqda. 19-avgust kuni G‘uzordagi «Markaziy» stadionida «Mash’al» o‘z maydonida «Andijon»ga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuvda mehmonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Yagona golga 53-daqiqada Po‘latxo‘ja Xoldorxonov mualliflik qildi.
Olmaliqdagi OKMK sport majmuasida esa OKMK va «Dinamo» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Firdavs Abdurahmonov Mixail Shtefanning uzatmasidan unumli foydalanib, «Dinamo»ni hisobda oldinga olib chiqdi — 0:1. Mazkur hisob o‘yin oxirigacha saqlanib qoldi.
18-turning qolgan ikki uchrashuvi 20-avgust kuni o‘tkaziladi. Unda «Bunyodkor» — «Qo‘qon-1912» va «Xorazm» — «Lokomotiv» jamoalari maydonga tushadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA