Super-kontraktlarga ham ta’lim krediti beriladimi?
Moliyaviy savodxonlik
Yangi o‘quv yili arafasida kontrakt to‘lovi talabalar va ularning ota-onalari uchun eng dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda. O‘zbekistonda davlat dasturi doirasida imtiyozli ta’lim kreditlari bilan bir qatorda, banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratiladigan ta’lim kreditlari ham mavjud. Ularning shartlari, foiz stavkalari va qaysi ta’lim turlariga tatbiq etilishi esa bir-biridan farq qiladi.
Oliy ta’lim olish istagida bo‘lgan yoshlar uchun kontrakt qiymatini to‘lash masalasida ta’lim krediti muhim moliyaviy vositalardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, bir yo‘la katta miqdorda to‘lov qilish imkoniyati cheklangan oilalar uchun bunday kreditlar o‘qish xarajatlarini bir necha yil davomida bosqichma-bosqich qoplash imkonini beradi.
Amalda ta’lim kreditlarini shartli ravishda ikki guruhga ajratish mumkin: davlat dasturi doirasidagi imtiyozli ta’lim kreditlari va banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratiladigan ta’lim kreditlari. Ular o‘rtasidagi farqni bilish muhim. Chunki kreditning foiz stavkasi, muddati, ta’lim shakli va kontrakt turi bo‘yicha talablar aynan shu omillarga qarab belgilanadi.
Davlat dasturi doirasidagi imtiyozli ta’lim kreditlari O‘zbekistondagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallarida kunduzgi ta’lim shaklida kontrakt asosida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolariga beriladi. Kredit talabaning o‘ziga, uning ota-onasiga yoki vasiysiga rasmiylashtirilishi mumkin. Mazkur kreditlarning muhim jihatlaridan biri — belgilangan imtiyozli foiz stavkasi. Ayrim toifalar uchun davlat tomonidan qo‘shimcha yengilliklar ham nazarda tutilgan.
Kredit miqdori esa talabaning kurs va o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga bog‘liq. Birinchi bosqich talabalari uchun kontrakt qiymatining 100 foizigacha kredit ajratilishi mumkin. Ikkinchi va undan yuqori kurslarda tahsil olayotgan talabalar uchun esa GPA ko‘rsatkichi muhim ahamiyatga ega. Agar GPA 3,0 dan past bo‘lsa, kontraktning ko‘pi bilan 80 foizi kredit hisobidan qoplanadi, qolgan 20 foizi esa talaba tomonidan oldindan to‘lanadi. GPA 3,0 va undan yuqori bo‘lgan holatda kontrakt summasining 100 foizigacha kredit olish imkoni mavjud. Shuningdek, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilalar a’zolari uchun ham belgilangan tartibda kontrakt qiymatini to‘liq moliyalashtirish imkoniyati mavjud.
GPA va kontrakt ma’lumotlari avtomatik aniqlanadi. Ta’lim krediti olish jarayonida talabaning o‘zlashtirish ko‘rsatkichini tasdiqlash uchun alohida hujjat yig‘ishga ehtiyoj kamaymoqda. Xususan, talabaning GPA ko‘rsatkichi HEMIS, kontraktga oid ma’lumotlar esa kontrakt.edu.uz tizimi orqali shakllantiriladi. Bu raqamlashtirish kredit olish jarayonini soddalashtirish va ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirishga xizmat qilmoqda. Imtiyozli ta’lim kreditining yana bir muhim jihati — o‘qish davrida asosiy qarzni qaytarish talab etilmasligidir. Asosiy qarzni qaytarish o‘qish tugaganidan 6 oy o‘tgach boshlanadi. Bu talaba uchun ta’limni tugatib, ishga joylashish va daromad manbaini shakllantirish uchun muayyan vaqt beradi.
Xotin-qizlar uchun esa davlat dasturi doirasidagi ta’lim krediti bo‘yicha foiz to‘lovlari belgilangan tartibda Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Natijada shartlarga mos keluvchi xotin-qizlar asosiy qarzni qaytarishga yo‘naltirilgan to‘lovlarni amalga oshiradi. Hozirda bir qator tijorat banklari ta’lim kreditlarini ajratmoqda. Ular orasida O‘zmilliybank, Agrobank, O‘zsanoatqurilishbank, Asakabank, Turonbank, Xalq banki, Mikrokreditbank, Hamkorbank, Orient Finans Bank, Biznesni rivojlantirish banki va Aloqabank kabi banklar bor.
Kredit muddatlari ham bankka qarab farq qiladi. Masalan, ayrim banklarda kredit 13,5 yilgacha, boshqalarida esa o‘qish muddatiga qo‘shimcha bir necha yil qo‘shilgan holda beriladi. Shuning uchun kredit olishdan oldin nafaqat foiz stavkasini, balki umumiy qaytarish muddati, to‘lovni qaytarish boshlanadigan davr, ta’minot talabi va boshqa shartlarni ham solishtirish muhim. Bu savol yangi o‘quv yili oldidan ayniqsa dolzarb. Davlat dasturi doirasidagi imtiyozli ta’lim krediti, asosan, belgilangan talablarga javob beradigan kunduzgi ta’lim shaklidagi oddiy kontrakt to‘lovlarini moliyalashtirishga qaratilgan. Biroq ayrim tijorat banklari o‘z mablag‘lari hisobidan alohida ta’lim kreditlarini taklif qilmoqda. Ularning ayrimlaridan super-kontrakt to‘lovini qoplash, shuningdek, kechki yoki masofaviy ta’lim xarajatlarini moliyalashtirish uchun ham foydalanish mumkin.
Bu kreditlarning asosiy farqi — ular davlat dasturidagi imtiyozli kreditlarga nisbatan qimmatroq bo‘lishi mumkin. Ayrim bank mahsulotlarida yillik foiz stavkalari 22–28 foiz atrofida belgilangan. Masalan, ayrim banklarda 100–150 million so‘mgacha bo‘lgan ta’lim kreditlari 2–5 yilgacha muddatga taklif etilmoqda. Biroq kredit summasi, foiz stavkasi, muddati va super-kontraktni moliyalashtirish imkoniyati har bir bankning alohida mahsulotiga qarab farq qiladi. Shu sababli super-kontrakt uchun kredit olishni rejalashtirayotgan talaba, avvalo, tanlagan bankning aynan shu mahsulot bo‘yicha shartlarini aniqlashi lozim.
Ta’lim kreditining yana bir muhim xususiyati shundaki, kredit mablag‘i odatda talabaning qo‘liga yoki bank kartasiga o‘tkazilmaydi. Bank ajratilgan mablag‘ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’lim muassasasining hisob raqamiga o‘tkazadi. Bu mablag‘ning aynan kontrakt to‘loviga yo‘naltirilishini ta’minlaydi. Kredit olish uchun, asosan, ariza, kontrakt shartnomasi va kredit ta’minotiga oid hujjatlar talab etiladi. Bunda kafillik, garov yoki sug‘urta polisi kabi ta’minot turlari qo‘llanilishi mumkin. Bank ichki siyosatiga ko‘ra qo‘shimcha hujjatlar ham so‘ralishi ehtimoldan xoli emas.
«Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlar uchun esa ta’minot bo‘yicha ayrim yengilliklar nazarda tutilgan. Arizani onlayn topshirish mumkin Bugun ta’lim krediti olish uchun bankka borib, navbat kutish shart emas. Arizani «Ta’lim krediti» axborot tizimi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn topshirish mumkin. Jarayonning asosiy qismi elektron tarzda amalga oshiriladi. Zarur hollarda kreditni rasmiylashtirishning ayrim bosqichlari bankda yakunlanishi mumkin.
Ta’lim krediti olishda «eng arzon kredit» degan tushunchadan ko‘ra, talabaning holatiga mos kreditni tanlash muhim. Agar gap oddiy kunduzgi kontrakt haqida ketayotgan bo‘lsa va talaba davlat dasturi talablariga javob bersa, avvalo imtiyozli ta’lim krediti shartlarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Agar esa super-kontrakt, kechki yoki masofaviy ta’lim uchun mablag‘ kerak bo‘lsa, banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratiladigan ta’lim kreditlari muqobil variant bo‘lishi mumkin. Biroq bunday kreditlarda foiz stavkasi yuqoriroq va qaytarish muddati qisqaroq bo‘lishi ehtimoli bor. Shuning uchun kredit olishdan oldin bir nechta bank taklifini solishtirish, oylik to‘lov miqdorini hisoblash va kreditning umumiy qiymatini aniqlash muhim.
Eng asosiysi, ta’lim krediti shartnomasini imzolashdan oldin foiz stavkasi, kredit muddati, imtiyozli davr, ta’minot talabi, oylik to‘lov va kreditning umumiy qaytariladigan summasiga e’tibor qaratish lozim. Zero, ta’lim krediti talaba uchun o‘qish imkoniyatini kengaytiruvchi moliyaviy vosita bo‘lsa-da, u baribir qaytarilishi lozim bo‘lgan majburiyatdir. Shuning uchun qaror qabul qilishda nafaqat bugungi kontrakt muammosi, balki kelgusi yillardagi moliyaviy yuk ham hisobga olinishi kerak.
Sh. Mamaturopova, O‘zA