Sun’iy intellekt hamjamiyati tashkil etildi
Axborot asrida kun sayin sun’iy intellektning qo‘llanilish sohasi va unga talab ortib bormoqda.
Sun’iy intellekt orqali tibbiyot, ta’lim, energetika, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va boshqa ko‘plab sohalarda sifatli xizmat ko‘rsatish mumkin. bugungi kunda ayrim davlatlarda robot-hamshiralar, haydovchisiz transport vositalari, buyurtmani yetkazib beruvchi dronlar xizmatidan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Pandemiya davrida esa bunday ixtirolar o‘z samarasini berdi.
Yurtimizda ham so‘nggi yillarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish, soha va tarmoqlar faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish, “aqlli dasturlar”ning qo‘llanish sohasini kengaytirish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan qator huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda.
Joriy yil 11 iyul kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasiga oid farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Loyihada esa bevosita sun’iy intellektni rivojlantirish uchun muhim bo‘lgan o‘nlab hujjatlar keltirilgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda 2020 yilning “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish” yili, deya nomlanishi respublikamizda raqamli iqtisodiyotga o‘tish va axborot texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolatdir.
Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi va Loyihalar boshqaruvi markazi hamkorligida ham sohani rivojlantirishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mazkur tashkilotlar hamkorligida Sun’iy intellekt hamjamiyati tashkil etildi.
Sun’iy intellekt imkoniyatlarini muhokama qilish, loyihalar yaratish va uni rivojlantirish bo‘yicha ish olib boruvchi hamjamiyatning tashabbuskori yosh startapchi Ulug‘bek Ismatov bo‘lib, uning fikricha, xalqaro bozorda sun’iy intellektga asoslangan texnologiya va loyihalarga talab kundan-kunga oshib bormoqda. Bu yo‘nalishda O‘zbekistonda ham loyihalar ko‘p. Ushbu hamjamiyat esa yurtimizdagi ana shunday sun’iy intellektlarni turli sohalarda tatbiq etish va ularni xalqaro bozorga olib chiqishga ko‘maklashishni maqsad qilgan.
Sun’iy intellekt hamjamiyatining dastlabki yig‘ilishida "TASS-VISION", "AXON.COM" misolidagi loyihalar muhokama qilindi. Bundan tashqari, loyiha boshqaruvchisini tanlash jarayoni bo‘lib o‘tdi. Endilikda har oy ushbu hamjamiyat tomonidan sohaga doir uchrashuvlar o‘tkazilib boriladi. Uchrashuvlar davomida yaratilayotgan yangi sun’iy intellekt loyihalari muhokama qilinib, o‘zaro fikr va tajriba almashiladi. Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va yurtimizdagi axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalarni mahalliy bozorda joriy etish bo‘yicha ish olib boriladi.