Sumalak - mehr-oqibat ramzi
Xalqimizning ezgulik ayyomi - Navro‘zda tayyorlanadigan eng tansiq milliy taomlardan biri shubhasiz sumalak hisoblanadi.
Navro‘z dasturxonining to‘ridan joy oladigan betakror taomning tayyorlanish jarayoni ham o‘ziga xos — hamjihatlik, totuvlik, insonlar o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu bois, Navro‘zda momolarimiz bosh bo‘lib, sumalak tayyorlashga oshiqishadi. Bu orqali o‘sib kelayotgan yosh avlodga ajdodlardan qolgan urf-odatlarni o‘rgatishni, ular o‘rtasida hamjihatlik, mehr-oqibatlilikni ta’minlash maqsad qilinadi.
— Sumalak qadimiy taom bo‘lib, uning paydo bo‘lishi bilan bog‘liq ko‘plab rivoyatlar mavjud, - deydi samarqandlik onaxon E’tibor Mahmudova. — Ularning har birida mehr-oqibatli bo‘lish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik ibratlari aks etgan. bugungi kun uchun ham ushbu rivoyatlarning o‘rni beqiyos. Shu boisdan, keksalar bosh bo‘lib, Navro‘z ayyomida har yili sumalak tayyorlaymiz. Milliy taomlarimizning betakrori bo‘lgan sumalakni tayyorlash jarayonida yoshlarimizga u bilan bog‘liq rivoyatlarni aytib, ibratining ma’nosini tushuntiramiz. Ular ham jarayonda faol ishtirok etib, an’analarimizni ma’no-mazmunini tushunib borishmoqda. Eng muhimi, tinchlik-totuvlikning nechog‘lik muqaddas ekanligini anglab ulg‘ayishmoqda.
Sumalak xalqimizning milliy taomi bo‘libgina qolmay, tabiatning uyg‘onishi, ya’ni xalq tilida aytganda "ilik uzildi" davrida kishiga kuch-quvvat bo‘ladigan vitaminlarga boy taom hisoblanadi. Shunday ekan, sumalakka marhamat!
[gallery-1681]
Alisher ISROILOV(surat)