Sulton Rayevning “Tanlangan asarlar” kitobi o‘zbek tilida nashr etildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Xalqaro TURKSOY tashkiloti bosh kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi, davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zosi Sulton Rayevning “Tanlangan asarlar” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu adabiy taqdimot tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar, yozuvchi va shoirlar, kitobxonlar, turkiy davlatlar ijodkorlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar dastlab Sulton Rayevning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma bilan tanishdi.
Taqdimot avvalida davlat va jamoat arbobi, diplomat, mohir ijodkor Sulton Rayev hayoti, serqirra faoliyati, adibning O‘zbekistonning turkiy davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi ulkan xizmatlariga bag‘ishlangan film namoyish etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo moderatorlik qilgan ushbu yig‘ilishda Sulton Rayevning jo‘shqin va iboratli faoliyati xususida batafsil so‘z yuritildi.
– Mamlakatimizda keyingi yillarda “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” degan g‘oya yuksak maqomga ko‘tarildi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Keyingi yillarda Nizomiy Ganjaviy, Maxtumquli Firog‘iy, Chingiz Aytmatov va boshqa ko‘plab turkiy xalqlar ijodkorlarining asarlarini targ‘ib etish, ularning tavallud sanalarini nishonlashga katta ahamiyat qaratilmoqda. Turkiy davlatlarning yozuvchilar uyushmasi tuzilmalari bilan keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Qardosh xalqlarning adib va shoirlari adabiy tadbirlar, forumlarda, anjumanlarda faol qatnashmoqda. Shu bilan birga, dunyo miqyosida tanilgan adib, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi, TURKSOY tashkilotining bosh kotibi Sulton Rayev ishtirokida ko‘plab adabiy loyihalar muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda. Ayni paytda Turkiya, Vengriya, Qozog‘iston, Ozarbayjon kabi davlatlarda o‘zbek adabiyotining targ‘iboti yuksak saviyada olib borilmoqda. Bu boradagi ezgu ishlarga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Sulton Rayev chin ma’noda o‘zbek xalqining ham yozuvchisi sanaladi. Uning o‘zbek tilida chop etilgan “Tanlangan asarlar” kitobi adabiyotimiz xazinasidan mustahkam o‘rin oladi.
–Har bir yaxshi kitobning yuzaga kelishi adabiyot uchun chinakam bayramdir, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, atoqli adib Xayriddin Sultonov. – Sulton Rayev nainki qirg‘iz eli yoki turkiy dunyoning adibi, balki global dunyoning global adibidir. Ijodkorning bashariyat bilan hamqadam bo‘lishi hech qachon oson kechmagan. Bu borada ijodkor ziyolilardan katta mas’uliyat, mahorat, imon-diyonat talab etiladi. Sulton Rayevning barkamol ijod namunalari ravonligi, falsafiy g‘oyalarining keng va teranligi, rang-barangligi, talqinning betakrorligi, ruhiy tahlilning haqqoniyligi bilan ahamiyatli. Chingiz Aytmatov “Odamzotni insoniylik maqomiga qaytarish bugun g‘oyat muhim” degan edi. Sulton Rayev insoniylik, or-nomus, odob, ezgulikni qat’iyat bilan himoya qilib kelayotgan adibdir. Keyingi yillarda qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari yangicha taraqqiyot bosqichiga kirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida turkiy xalqlarni yanada jipslashtirish, mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasida yangi tashabbuslarni ilgari surgani bu borada yangi istiqbollarni belgilab beradi. Ibratli ijodiy faoliyati bilan tinchlik va hamjihatlikka munosib hissa qo‘shib kelayotgan atoqli adib Sulton Rayevga omonlik, yangi ijodiy muvaffaqiyatlar tilaymiz.
– Darhaqiqat, turkiy xalqlar doim bir-biriga intilib kelgan, – dedi Turk dunyosi yozarlar birligi raisi Ulug‘bek Eshdavlat. – Bugungi ezgu sa’y-harakatlar turk dunyosining ulkan davri boshlanayotganini anglatadi. O‘zbekistonda “Turkiy adabiyot durdonalari” yuz jildli to‘plamning nashr etilishi adabiy hamkorligimizda g‘oyat ulkan va ezgu voqelik bo‘ldi. Bugun atoqli adib Sulton Rayevning “Tanlangan asarlar” kitobi o‘zbek tilida nashr etilishi hamkorlik taraqqiyotida o‘ziga xos ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Sulton Rayevning “Tanlangan asarlar” kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop qilingan bo‘lib, unga adibning “To‘fon” romani, “Quyosh tutilgan kunda” nomli qissasi, beshta sahna asari, o‘nga yaqin hikoyalari kiritilgan. Asarlarni qirg‘iz tilidan Ahmadjon Meliboyev, Zuhriddin Isomiddinov, Jabbor Eshonqul, Avliyoxon Eshon, Dilfuza Qarshiboyeva, Hilola Abdusalomova, Erkin Boynazarov, Abdug‘ani Abdug‘afurov kabi adib va tarjimonlar ona tilimizga o‘girgan.
Sulton Rayevning asarlari “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik” va “Sharq yulduzi”, “Hurriyat” kabi qator gazeta-jurnallarda e’lon qilingan. 2021 yil o‘zbek tilida nashr etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik majmuasiga uning bir turkum hikoyalari kiritilgan.
Sulton Rayev 1958 yilda Qirg‘izistonning O‘sh viloyatidagi Jo‘sh tumanida tug‘ilgan. Qirg‘iziston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Qator yillar “Qirg‘iziston madaniyati”, “Asaba”, “Qirg‘iz ruhi” gazetalarida mehnat qilgan. 1994-2002 yillarda AQSHning Kanzas universiteti jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar fakultetida tadqiqotchi sifatida ilmiy faoliyat olib borgan.
Sulton Rayevning “Quyoshni tutgan bola” (1990), “Chang yo‘l” (1987), “Quyoshni ovlab” (1991), “Malikaning ko‘z yoshlari” (2008) kabi o‘nlab kitoblari nashr etilgan.
“Jazo” romani adibga dunyo miqyosida shuhrat keltirgan. Mazkur asar 2015 yil Buyuk Britaniyaning London shahrida rus tilida nashr etilib, bir qancha xalqaro ijodiy tashkilotlarning mukofotiga sazovor bo‘lgan, Markaziy Osiyo PEN-klubi tomonidan “Yilning eng yaxshi romani” deya e’tirof etilgan.
Taniqli yozuvchi Koreya Respublikasining “Deniel”, Rossiyaning Lomonosov, Turkiyaning Otaturk xalqaro mukofotlari, Xalqaro madaniyat va san’at akademiyasining ordeni va boshqa bir qator mukofotlar bilan taqdirlangan. U 2006 yilda To‘qtag‘ul nomidagi Qirg‘iziston davlat mukofoti, 2011 yilda “Qirg‘iziston xalq yozuvchisi” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.
Sulton Rayev asarlari asosida Qirg‘iziston va qo‘shni mamlakatlar teatrlarida sahnalashtirilgan “Eh, qizlar”, “Malikaning ko‘z yoshlari”, “Dubal”, “Ayol”, “Tayammum”, “Ishoq Razzoqov”, “Barsbek” dramalari tomoshabin va mutaxassislar tomonidan yuqori baholangan.
U qirg‘iz kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Ikkovlon”, “Qurbonjon dodxoh”, “Shahar” badiiy filmlarining ssenariy muallifidir.
Adibning asarlari shuningdek, ingliz, turk, rus, xitoy, ukrain, qozoq, ozarbayjon tillariga tarjima qilingan.
Sulton Rayev Qirg‘iz Respublikasida Ta’lim va madaniyat vaziri o‘rinbosari, Madaniyat va san’atni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi prezidenti, Madaniyat vaziri, Prezident maslahatchisi, Madaniyat, axborot va turizm vaziri kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qilgan.
2021-2022 yillarda Turkiy davlatlar kengashi Bosh kotibining o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2022 yilda TURKSOY bosh kotibi etib saylandi. Shundan buyon u turkiy tilli davlatlar madaniyatini rivojlantirish va ularni jahon miqyosida tanitish borasida o‘nlab loyihalarni amalga oshirishda bosh-qosh bo‘lmoqda.
Keyingi yillarda uning tashabbusi bilan Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon davlatlarida o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini o‘rganishga bag‘ishlangan bir qator xalqaro tadbirlar o‘tkazildi. 2023 yil Navoiy viloyatida TURKSOY bilan hamkorlikda “Mumtoz she’riyat” xalqaro adabiy anjumani, 2024 yilda Buxoroda turkiy tilli davlatlar yosh ijodkorlari forumini yuqori saviyada o‘tkazishda uning munosib xizmatlari bor.
[gallery-18837]
– Qirg‘iz yurtida o‘zbeklar orasida ulg‘ayganman, – dedi TURKSOY tashkiloti bosh kotibi, atoqli adib, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev. – O‘zbek tili menga ona suti bilan kirgan tildir. Bugun O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olamshumul o‘zgarishlar yuz bermoqda. O‘zbekiston erishayotgan yutuqlar bu mamlakatda kechayotgan ulkan yangilanish jarayonlarining amaliy natijasi. O‘zbekiston dunyoning rivojlangan davlatlari bilan bo‘ylashmoqda. Buyuk Sohibqiron Amir Temur davrida bu diyor qanchalik shon-shavkatga burkangan bo‘lsa, hozir ham O‘zbekiston shunchalik yuksakka intilmoqda. Bularning zamirida Prezident Shavkat Mirziyoyevning adabiyot, ma’naviyat, ma’rifatga bo‘lgan e’tibori turibdi. Bugun men uchun quvonarli kun. Kitobim Alisher Navoiy tilida chop etildi. Kamtarona mehnatlarimning yuksak e’tirofi uchun chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.
Taqdimot so‘ngida taniqli adib adabiyot ixlosmandlariga dastxat qo‘yilgan kitoblarini hadya qildi. Adabiy aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shayotgan bir guruh adabiyot fidoyilari taqdirlandi.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari