Sukutga cho‘kkan maydon va yuraklarda tirilgan xotira
9-may — Xotira va qadrlash kuni
Jizzaxda bugun tong boshqacha otdi. Mayin shamol shahar ko‘chalarida esar, mo‘ysafidlar, qo‘lida gul tutgan yoshlar Xotira maydoni sari oshiqar edi...

“Motamsaro ona” haykali atrofida yig‘ilgan odamlar chehrasiga qarasangiz, bu yerga kimdir rasmiy tadbir uchun emas, qalb amri bilan kelganini his etasiz. Kimdir otasini eslar, kimdir frontdan qaytmagan bobosi haqida o‘y surardi. Yana kimdir urush degan baloni faqat kitoblarda o‘qib bilsa-da, bugun tinchlikning bahosi naqadar yuksak ekanini dildan anglab turardi.
Gulchambarlar haykal poyiga qo‘yilar ekan, maydonni bir damlik sukut egalladi. O‘sha sukutda o‘q tovushlari ham, onalarning nolasi ham, front ortida tunni tunga ulab mehnat qilgan insonlarning og‘ir nafasi ham bor edi. Bu — oddiy jimlik emas, millat xotirasi edi.

Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari, nuroniylar hamda yoshlar ishtirok etishdi. Maydonga yig‘ilganlarni birlashtirgan yagona tuyg‘u — Vatan uchun qurbon bo‘lganlar xotirasi oldidagi yuksak ehtirom edi.
Urush... Bu so‘zning o‘ziyoq inson qalbiga titroq soladi. Qanchadan-qancha yigitlar qo‘liga qurol olib, ortida ko‘z yoshiga to‘lgan onasini, endigina tili chiqqan farzandini qoldirib ketgan. Qanchadan-qancha ayollar esa qora xat kelmasin deya umid bilan eshikka termulib yashagan. Lekin shu mashaqqatli yillar xalqimizning irodasini buka olmadi. Aksincha, sabrni — matonatga, sog‘inchni — jasoratga aylantirdi.

Tadbir doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda ham shu haqda so‘z yuritildi. Nuroniylar yoshlarga urushning faqat g‘alaba yoki mag‘lubiyat emas, avvalo, inson qismati, ayriliq va sabr ekanini aytishdi. Yoshlar esa bu xotiralar orqali Vatan qadrini, osoyishta kunlar bahosini yanada teranroq his qilishdi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA