Sug‘orish tizimi barqaror energiya bilan ta’minlanadi
Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini yanada mustahkamlash, ayniqsa sug‘orish tizimlarining uzluksiz va barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.
Bu borada amalga oshirilayotgan loyihalar suv ta’minoti tizimlarining ishonchliligini oshirish, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish hamda hosildorlikni ko‘paytirishga xizmat qilmoqda.


Shu maqsadda Hududiy elektr tarmoqlari AJ Sirdaryo hududiy filiali hamda “Sirdaryo Jingu” MCHJ o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolanib, sug‘orish tizimlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida jami 17 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini tortish, 377 ta temir-beton ustun o‘rnatish hamda 10 ta transformator punktini barpo etish rejalashtirilgan.
Hozirgi kunga qadar 164 ta temir-beton ustun hududga yetkazib berilgan bo‘lib, ularning 125 tasi o‘rnatib bo‘lindi. Shuningdek, 6 ta maxsus texnika, 5 ta qurilish-montaj brigadasi hamda 65 nafar muhandis va texnik xodimlar jalb etilgan holda ishlar belgilangan grafik asosida davom ettirilmoqda.

– Mazkur loyiha qishloq xo‘jaligi sohasida infratuzilmani modernizatsiya qilish, sug‘orish tizimlarining barqaror ishlashini ta’minlash hamda agrar sektorda iqtisodiy samaradorlikni oshirishga xizmat qilibgina qolmay, fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun ishonchli energiya ta’minotini yaratish, mavjud texnik yo‘qotishlarni kamaytirish va hosildorlikni yanada yuksaltirishga ham zamin yaratadi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali Bosh muhandisi Dilshod Abduqodirov.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA