Sug‘urta xizmatlari – davr talabi
Sug‘urta xizmatlari bozor iqtisodiyoti sharoitida korxona va tashkilotlar hamda aholining manfaatlarini himoya qiluvchi samarali vositaga aylandi.
Sug‘urta xizmatlari bozor iqtisodiyoti sharoitida korxona va tashkilotlar hamda aholining manfaatlarini himoya qiluvchi samarali vositaga aylandi.Prezidentimiz Islom Karimovning 2007-yil 10-apreldagi «Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori aholiga ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari ko‘lami va sifatini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘layotir.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi sug‘urta kompaniyalari tomonidan aholiga ko‘plab turdagi sug‘urta xizmatlari ko‘rsatilayotir. «O‘zagrosug‘urta» aksiyadorlik jamiyatining ikki yuzdan ortiq tuman va shahar bo‘linmasida ikki mingdan ziyod sug‘urta agenti faoliyat yuritmoqda. Agrar tarmoqda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda faol ishtirok etayotgan ushbu tashkilot korxona va muassasalar, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatgan.
– Jamiyatimiz sug‘urta tarmog‘ining barcha yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi, – deydi «O‘zagrosug‘urta» aksiyadorlik jamiyatining qishloq xo‘jaligi va moliyaviy tavakkalchiliklarni sug‘urtalash departamenti bosh menejeri Abdurashid Vahobov. – Bugungi kunda sug‘urtalanuvchilarga yuzdan ortiq, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga qirqdan ziyod sug‘urta turi taklif etilmoqda. Tijorat banklari tomonidan qishloq xo‘jaligi korxonalariga berilayotgan imtiyozli kreditlar qaytarilishi bo‘yicha tadbirkorlik tavakkalchiligini, ekinlar hosilini, barcha turdagi parranda va chorva mollarini, lizing shartlari asosida berilgan qishloq xo‘jalik texnikalarini sug‘urtalash fermerlarga manzur bo‘layotir.
Mamlakatimizda intensiv bog‘lar maydoni yil sayin kengaymoqda. Ularni sug‘urtalash muhim bo‘lgani bois «O‘zagrosug‘urta» aksiyadorlik jamiyati qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini sug‘urtalash bo‘yicha bir qator yangiliklarni joriy qilmoqda. Sug‘urta shartnomalari soddalashtirilib, sug‘urta tavakkalchiliklari 14 tadan 17 taga ko‘paytirildi. Alohida sug‘urta tavakkalchiliklari uchun sug‘urta tariflari belgilanib, ular hududlar bo‘yicha tabaqalashtirildi. Sug‘urta da’volarini ko‘rib chiqish ham soddalashtirildi va sug‘urta hodisasi yuz bermaganda sug‘urta tariflarini kamaytirish amaliyoti joriy etildi. Kelgusida zarar darajasidan kelib chiqib, sug‘urta tariflarini doimiy ravishda qayta ko‘rish, davlat ehtiyojlari uchun paxta xomashyosi va g‘alla yetishtirishni moliyalashtirishga ajratiladigan kredit mablag‘lari qaytarilmasligi sug‘urtasi bo‘yicha elektron dasturni joriy etish, yangi interaktiv xizmatlarni yo‘lga qo‘yish harakatidamiz.
O‘ziga xos yondashuvni talab qiladigan sug‘urta turlaridan yana biri chorvani sug‘urtalashdir. Uning boshqalardan farqi shundaki, sug‘urta turlarida yetkazilgan zarar qisman qoplansa, bunda zararni qoplash faqatgina chorva nobud bo‘lganda amalga oshiriladi.
Davlatimiz rahbarining 2006-yil 23-martdagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollarni ko‘paytirishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2015-yil 29-dekabrdagi 2016-2020-yillarda qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorlari ijrosini ta’minlash, aholi va fermerlarning chorvasini tabiiy ofatlar, kasalliklar va boshqa hodisalar oqibatida nobud bo‘lishidan sug‘urtaviy himoyalash maqsadida fermer xo‘jaliklari, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan keng hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Aholining sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonchi tobora ortib bormoqda. Tabiiy ofatdan yoki chorva mollarining kasallikka chalinishidan zarar ko‘rgan fuqarolar ularni ixtiyoriy sug‘urta qilgan bo‘lsa, zarar to‘liq qoplanmoqda.
Muxtasar aytganda, «O‘zagrosug‘urta» aksiyadorlik jamiyati tomonidan ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularni turli tabiiy ofatlardan himoyalashda muhim omil bo‘lmoqda.