Sudyaning ongi adolatni, tili haqiqatni, dili poklikni ulug‘lashi kerak
Surxondaryo viloyati sudida “Yangi O‘zbekiston kelajagi – yosh avlod bilan adolatga sadoqat" mavzuida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasi tashkil etgan tadbirda viloyatdagi umumyurisdiksiya va ma’muriy sudlar sudyalari, sud faxriylari, sud tizimi xodimlari, "Adolat" sotsial demokratik partiyasi viloyat kengashi faollari, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat vakili (Ombudsman) hamda yuridik yo‘nalishda ta’lim olayotgan talabalar ishtirok etdi.

Uch avlod vakillarini yagona maqsad yo‘lida birlashtirgan uchrashuvda O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Ubaydulla Mingboyev, sud faxriysi Xudoyor Muhammadiyev va boshqa keksa avlod vakillari sohaning bundan o‘n yil va undan avvalgi davrdagi muhiti, sud-huquq tizimi xodimlariga yaratilgan haminqadar sharoitlar haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

Sudyalik kasbining mas’uliyati, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda sudyalarning o‘rni, sohadagi huquqiy yangiliklar, shuningdek, sud tizimida ustoz-shogird an’analarini davom ettirishning yosh avlodni tarbiyalashdagi ahamiyati qayd etildi. Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, sudya va soha xodimlarining shaxsiy namunasi, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda qonun ustuvorligini targ‘ib qilishning mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratildi. Sudyalik kasbi yuksak mas’uliyat va halollikni talab etishi, sud tizimida avlodlar vorisligi, ustoz-shogird an’analarini mustahkamlash, kasbga sadoqat, sudyalar va soha xodimlariga qo‘yiladigan yuksak ma’naviy-axloqiy talablar haqida fikr almashdi. Hayotiy tajribalarini gapirib berdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan o‘rta va yosh avlod vakillari sudyalarning adolatli ish yuritishi uchun keyingi yillarda yaratilgan sharoitlar, bo‘lg‘usi huquqshunoslar sohani chuqur egallashi uchun ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar xususida faxr bilan so‘z yuritdi. O‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Qimmatli maslahat va yo‘l-yo‘riqlari bilan sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan keksa avlod vakillariga chuqur minnatdorlik bildirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri