Sudyalar korpusi eng malakali mutaxassislardan shakllantiriladi
Sudyalik lavozimi uni bajarayotgan shaxslardan juda katta mas’uliyat talab qiladi. Chunki bu kasb inson taqdiri bilan bevosita bog‘liq.
Sudyani jamiyatning yuzi, ham deyishadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, sud idoralari jamiyatning ma’naviy-huquqiy qiyofasini belgilovchi barometr hisoblanadi. Jamiyatda ijtimoiy adolatning barqarorligi esa sudyalarning professional salohiyati va professional layoqatiga bog‘liq.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining hozirgi bosqichida sudlar mustaqilligi va daxlsizligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlash, eng malakali va mas’uliyatli mutaxassislar orasidan sudyalar korpusini shakllantirish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
“Sudyalarning odob-axloq kodeksi” 10-moddasida sudya o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarishi uchun o‘z malakasi va kasbiy bilimlarini muntazam oshirishi, amaliy ko‘nikmalarini va shaxsiy fazilatlarini takomillashtirib borishi shartligi qayd etilgan.
Ma’lumki, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshiruvchi davlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.
Ayni paytda mazkur dargohda 73 nafar sudyalikka nomzod tahsil olish barobarida tuman va tumanlararo sudlarda amaliyot o‘tamoqda. Tahsil – yosh kadrlarning nazariy bilimini oshirishga xizmat qilsa, amaliyot ularda kasbga oid ko‘nikmalarni shakllantirish va ruhiy tayyorgarlik vazifasini o‘taydi.
Kuni kecha Sudyalar oliy kengashi a’zolari nomzodlar bilan ular amaliyot o‘tkazayotgan sudlarda uchrashdi. Jonli muloqotda amaliyot o‘tash dasturi, uning samaradorligi haqida so‘z bordi, zarur tavsiyalar berildi. Shuningdek, nomzodlarga biriktirilgan ustoz sudyalar bilan suhbatlashildi. Zotan, sudyalarni kasbiy tayyorlash, ularning malakasini oshirishni tashkil etish, faoliyati samaradorligini oshirish va rag‘batlantirish Kengashning asosiy vazifasi sifatida qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Bu esa o‘z-o‘zidan yosh kadrlarga ham jiddiy e’tibor qaratishni taqozo qiladi.
Ushbu jarayonda “Ustoz-shogird” an’analarini davom ettirish bo‘yicha ham fikrlashildi.

Sudyalikka nomzodlar bilan uchrashuv nihoyasida joylarga chiqib, nomzodlarning amaliyot o‘tash jarayonini yaqindan kuzatib borish, jonli muloqotlarni doimiy amalga oshirish va monitoringini olib borishga kelishib olindi.