Sudlarning 9 oydagi ishlari sarhisob qilindi
Jizzax viloyatida sudlarning 9 oydagi ishlari to‘g‘risida matbuot anjumani tashkil etildi.
Yig‘ilganlarga Jizzax viloyat sudi raisi Akram Shukurov sud tizimidagi amalga oshirilayotgan islohotlar hamda viloyat sudlarining tuzilishi va faoliyati haqida ma’lumot berdi.
Jizzax viloyat ma’muriy sudi raisi Sarvarbek Rahmonovning joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi.
Qayd etilishicha, o‘tgan davr mobaynida ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning 185 tasi yer bilan bog‘liq bo‘lib, ularning 95 tasi qanoatlantirilgan, 73 tasi rad etilgan, 3 ta ish yuritishdan tugatilib, 14 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan va ana shu ishlar bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar yuzasidan viloyat, tuman va shahar hokimliklariga nisbatan 95 ta xususiy ajrim chiqarilib, muhokama qilish hamda tegishli choralar belgilash uchun yuborilgan.
Ishtirokchilar viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Rahmatilla Orziqulovning axborotini tinglashdi.
– Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlari tomonidan o‘tgan 9 oy davomida 3 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan bo‘lib, 19 nafar shaxs shartli ravishda hukm qilingan,– dedi Rahmatilla Orziqulov o‘z hisobotida. – 28 nafar shaxsga esa jazo tayinlanmasdan hukm chiqarilgan. Shuningdek, 151 nafar shaxs sud zalida qamoqdan ozod qilingan hamda 1175 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
Shuningdek, viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Nodirjon Rasulov hamda viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Jamol Qaxxorovlar ham o‘zlari rahbarlik qilayotgan tegishli sudlar tomonidan 2024 yilning o‘tgan 9 oyi davomida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha hisobot berdi.
Anjuman so‘nggida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javoblar oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari