Sudlarni korrupsiyadan xoli, ochiq, zamonaviy va xalqchil tizimga aylantirish bo‘yicha muhim qadam qo‘yildi
Prezidentimizning 2026-yil 8-iyundagi “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sud-huquq sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim siyosiy-huquqiy hujjat sifatida baholanmoqda. Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ibrohim Alimov farmonning ahamiyati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
– Mazkur farmon odil sudlovni ta’minlash, sud mustaqilligini mustahkamlash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini tubdan takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti – qonun ustuvorligini ta’minlash, har bir fuqaroning sud orqali huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishdir. Bu esa sud tizimini yanada takomillashtirish, unda halollik, ochiqlik va professionallik tamoyillarini mustahkamlashni taqozo qiladi.
Ta’kidlash joizki, farmon sud tizimida korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, sud apparatida samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy qilish hamda jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga qaratilgan.
Farmonning eng muhim jihatlaridan biri – sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning mutlaqo yangi modeli joriy etilayotgani. Endi asosiy e’tibor korrupsiya sodir bo‘lgandan keyin jazolashga emas, balki uning oldini olish, xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va tizimli bartaraf etishga qaratiladi.
Buning uchun sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish, shu jumladan, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va tartibga solish uchun mas’ul bo‘lgan Komplayens nazorat xizmati tashkil etiladi.
Ushbu xizmat korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish, kadrlar bilan ishlashda shaffoflikni ta’minlash hamda sud apparati xodimlari faoliyati ustidan doimiy monitoring olib borish kabi muhim vazifalarni amalga oshiradi.
Bu amalda xalqaro boshqaruv standartlarida o‘z samarasini isbotlagan komplayens-nazorat tizimining milliy sud tizimiga to‘liq tatbiq etilayotganini anglatadi.
Farmon bilan sudyalar va sud apparati xodimlarining daromadlari, mol-mulki hamda manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilmoqda. Bu muhim qadam yashirin manfaatlarni aniqlash, korrupsiya xavfini pasaytirish, xizmat faoliyatida halollik standartlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, sud ishlarini avtomatik taqsimlash tizimini yanada takomillashtirish belgilangan. Bu ishlarni sudyalar o‘rtasida taqsimlashda inson omilini minimallashtirish, shaffoflikni ta’minlash va har qanday tashqi aralashuv xavfini keskin kamaytirishga xizmat qiladi.
Farmon sud tizimida kadrlar siyosatiga ham mutlaqo yangi yondashuvni olib kirmoqda. Endilikda sud apparatiga ishga qabul qilish ochiq tanlov, meritokratiya, raqamli saralash asosida amalga oshiriladi. 2026-yil yakuniga qadar vacancy.sud.uz va SudHR platformalarini ishga tushirish rejalashtirilgani bu borada muhim qadam hisoblanadi.
Ayniqsa, sun’iy intellekt asosida nomzodlarni saralash va baholash tizimining joriy etilishi inson resurslarini boshqarishda zamonaviy yondashuvlarni keng tatbiq qilish imkonini beradi. Bu esa sud tizimiga yuqori malakali, halol, bilimli va mas’uliyatli kadrlarni jalb etishga xizmat qiladi.
Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, sud tizimida korrupsiyaga qarshi samarali mexanizmlarni joriy qilish davlat taraqqiyotining muhim sharti hisoblanadi. Singapur, Janubiy Koreya va Estoniya kabi davlatlarda komplayens-nazorat, daromad deklaratsiyasi, raqamli monitoring, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari yuqori samara bergan.
Farmonning yana bir muhim jihati – korrupsiya holatlari haqida xabar beruvchi xodimlarni himoya qilish va rag‘batlantirish mexanizmlarining joriy etilayotganidir. Bu sud tizimida ochiqlik muhitini shakllantirish va korrupsiyaga qarshi ichki immunitetni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ushbu tajriba sud tizimida inson omilini kamaytirish, shaffoflikni oshirish va jamoatchilik ishonchini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “real keyslar” asosida amaliy o‘quv modullarining joriy etilishi nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
Shu nuqtai nazardan, farmonda belgilangan chora-tadbirlar O‘zbekistonning Transparency International’ning korrupsiya indeksi, World Justice Project’ning qonun ustuvorligi reytingi va boshqa xalqaro baholash tizimlaridagi o‘rnini yanada yaxshilashga xizmat qilishi shubhasiz.
Eng muhimi, har qanday islohotning natijasi uning mazmuni bilan emas, balki amalda qanday ijro etilishi bilan belgilanadi. Farmon bilan amalga oshirilgan islohotlardan kutilayotgan asosiy natijalar sifatida quyidagilarni sanab o‘tish mumkin: sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning keskin kamayishi; sud qarorlarining xolisligi va adolatliligi oshishi; sud apparatida ochiqlik va hisobdorlik mustahkamlanishi; kadrlar sifati va professional saviyasining yuksalishi; aholining sud organlariga bo‘lgan ishonchi yanada oshishi.
Biroq, bu maqsadlarga erishish, avvalo, sud tizimida faoliyat yuritayotgan har bir rahbar va xodimning mas’uliyati, halolligi va fidoyiligiga bevosita bog‘liq.
Bugun sud tizimi xodimlari oldida korrupsiyaga nisbatan mutlaqo murosasiz munosabatni shakllantirish, xizmat faoliyatida halollik va poklik tamoyillariga qat’iy amal qilish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, raqamli texnologiyalarni samarali qo‘llash hamda fuqarolar bilan muloqotda ochiqlik va adolat mezonlarini ustuvor qilish kabi qator vazifalar turibdi.
Sud tizimida ishlovchi har bir xodim shuni chuqur anglashi lozimki, sudning nufuzi – bu faqat institut obro‘si emas, balki davlatga, qonunga va adolatga bo‘lgan ishonch mezonidir.
Farmon aynan ana shu yuksak maqsadlarga xizmat qiladi. Mazkur tarixiy hujjat sud tizimini korrupsiyadan xoli, ochiq, zamonaviy va xalqchil tizimga aylantirishga qaratilgan muhim qadam bo‘lib, Yangi O‘zbekistonda haqiqiy adolat makonini barpo etib, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarini yanada mustahkamlashga mustahkam huquqiy zamin yaratdi.
N.Abduraimova,
O‘zA