Sudlar fuqarolarning murojaatlarini ijobiy hal etmoqda
Navoiy viloyat sudlari raislari tomonidan hududlarda aholi muammolarini o‘rganish, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish maqsadida sayyor qabullar o‘tkazildi.
Qabullarda 66 nafar fuqaro qabul qilinib, ularning murojaatlari tinglandi. Jumladan, qabul qilingan fuqarolarning 23 nafari jinoyat, 32 nafari fuqarolik, 4 nafari iqtisodiy hamda 7 nafari ma’muriy sudlarga oid masalalari va muammolari yuzasidan murojaat qilishdi.

Jinoyat sudlari tomonidan qabul davomida 28 nafar shaxs sud hukmi bilan tayinlangan jazodan muddatidan avval shartli ozod qilingan bo‘lsa, 11 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan jazo, 80 nafar mahkumning jazoni o‘tash tartibi yengilrog‘iga o‘zgartirildi.
Shuningdek, 2 ta jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 661-moddasi tartibida, 1 ta ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish Ma’muriy jinoyat kodeksining 212-moddasi tartibida taraflarning yarashganligi munosabati bilan tugatildi. 7 nafar shaxsga nisbatan qo‘llanilgan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari bekor qilindi.

– Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi qaroriga ko‘ra, ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi, – deydi 5-sonli JIEKda jazo muddatini o‘tab kelayotgan mahkumlardan biri D.M. – Bugungi sayyor qabulda sud tomonidan tayinlangan jazoning yarmidan ko‘pini o‘tab bo‘lganligim sababli Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan o‘talmay qolgan jazo muddatidan shartli ozod qilishni so‘radim. Iltimosnomam ijobiy qanoatlantirilib, jazodan shartli ozod qilindim. Endi hayotimni tubdan o‘zgartirib, ishga joylashaman. Jamiyatga foydam tegadigan inson bo‘laman.
Fuqarolik sudlari tomonidan esa 3 nafar fuqaroning yuridik faktni belgilashga oid da’vo arizasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 9 ta aliment undirish bo‘yicha ariza yuzasidan voyaga yetmagan fuqarolarning ta’minoti mustahkamlandi. 6 nafar fuqaroning qat’iy summadagi ta’minotini undirish to‘g‘risidagi talablari qanoatlantirilib, bola tarbiyasi bilan band bo‘lgan onalarning ta’minoti kafolatlandi.

9 nafar fuqaroning imtiyozli pensiyaga chiqish huquqlari tiklanib, shahodatlash ko‘rigidan o‘tmagan ish davrlarini tiklash bo‘yicha arizalari ijobiy hal etildi va 2 nafar fuqaroga ish joyidan to‘lanmagan ish haqlarini undirish yuzasidan sud qarorlari qabul qilindi.
Qabul davomida 1 ta oila yarashtirilgan bo‘lsa, 1 ta aliment undirishga oid da’vo arizasi taraflarning yarashganligi munosabati bilan ko‘rmasdan qoldirildi.
Iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar bo‘yicha tadbirkorlar foydasiga qariyb 202 million so‘m pul mablag‘lari undirildi.
Albatta, har bir muammo joyida ijobiy hal etilsagina, murojaat qiluvchi fuqaro rozi bo‘ladi. Aslida ham bugungi kunda sudlarda odil sudlovni amalga oshirish borasida olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholini rozi qilishdir.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri