Sudan armiyasi harbiy bazani nazoratga oldi
“Al Arabiya” telekanali ma’lum qilishicha, Sudan harbiylari avvalroq armiyaga qarshi turgan maxsus topshiriqlarni bajaruvchi Tezkor harakat kuchlari tomonidan egallab olingan “Merove” harbiy bazani qaytarib olgan. Shunga qaramay, qurolli mojaro davom etayotgani aytilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh kotibi Tedros Adxanom Gebreyesus qurolli to‘qnashuv boshlangandan buyon mamlakatda 300 kishi halok bo‘lgani, 2 ming 600 dan ziyod kishi jarohat olganini ma’lum qildi.
Ushbu mamlakat kasaba uyushmasi va shifokorlar qo‘mitasi tarqatgan xabarga ko‘ra, jang boshlangandan buyon mamlakat poytaxti va shtatlaridagi mavjud 59 yirik kasalxonaning 39 tasi ishlamayapti.
Qayd etilishicha, 9 ta shifoxona o‘qqa tutilgan, 16 tibbiy muassasa boshqa joyga ko‘chirilgan. Faoliyatini to‘xtatgan 20 kasalxonaning ayrimlari faqat birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatmoqda.