Sud tizimini takomillashtirishning yangi bosqichi
Munosabat
Biz, sud tizimi xodimlari, har kuni xizmat vazifamizga kirishar ekanmiz, sud shunchaki davlat idorasi emas, balki fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi, adolatni ta’minlovchi oliy maskan ekanini chuqur his qilamiz. Ushbu dargoh faoliyatidagi kichik bir kamchilik ham nafaqat bir insonning taqdiriga, balki butun jamiyatning davlatga va qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan taqdimotda ilgari surilgan tashabbuslar odil sudlovda poklik va halollikni ta’minlashning tom ma’nodagi huquqiy kafolati bo‘ldi.
Mamlakatimizda sud-huquq sohasini tubdan yangilash, uni chinakam mustaqil va xalqchil tizimga aylantirish bo‘yicha izchil qadamlar tashlanmoqda. Biroq, faqat sudyalarning qonunlarni mukammal bilishi to‘laqonli adolatni ta’minlash uchun yetarli emas. Sababi, sud protsessi yaxlit bir zanjir bo‘lib, unda nafaqat sudyalar, balki hujjatlarni tayyorlash va ijro etish jarayonida qatnashadigan qariyb 4,8 ming nafar sud apparati xodimlarining ham mas’uliyati mavjud.

Shundan kelib chiqib taqdimotda tizimda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va xodimlarning kasbiy mas’uliyatini yuksaltirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Taklif etilayotgan yangi tizim sud faoliyatini turli salbiy xavflardan asrovchi kuchli himoya mexanizmi vazifasini o‘taydi.
Ushbu maqsad yo‘lidagi eng muhim qadamlardan biri bu – Oliy sud tarkibida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sud raisiga bo‘ysunuvchi, mustaqil Komplayens nazorati xizmatining tashkil etilishidir. Bu tizim hududlardagi barcha sudlarda qonun ustuvorligi va kasb etikasi talablariga rioya etilishini ta’minlovchi komplayens inspektorlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Agar ilgari korrupsiya holatlariga ular sodir bo‘lgandan keyingina huquqiy baho berilgan bo‘lsa, endilikda tizim butkul o‘zgaradi. Yangi xizmat xavf-xatarlarni hali sodir bo‘lmasdan turib aniqlaydi, baholaydi va ularning kelib chiqish sabablarini barvaqt bartaraf etadi. Bu esa halol mehnat qilayotgan xodimlar uchun kasbiy himoyani ta’minlab, qonunbuzilish holatlariga murosasiz muhit yaratadi.
Shu bilan birga, sudlar apparatida xavfi yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxati aniq tasdiqlanib, inson omili yuqori bo‘lgan barcha jarayonlar to‘liq raqamlashtiriladi. Bu choralar orqali sub’ektiv yondashuvlar va turli shubhali holatlarga butunlay chek qo‘yiladi.
Shu bilan birga, bugungi islohotlar doirasida sud tizimiga eng ilg‘or raqamli texnologiyalar faol olib kirilmoqda. Xususan, sudyalar va sud apparati xodimlari uchun manfaatlar to‘qnashuvi, daromad va mol-mulk deklaratsiyalarini taqdim etish hamda tahlil qilishning avtomatlashtirilgan elektron tizimi joriy etilmoqda. Ushbu shaffoflik xodimlarning jamiyat oldidagi mas’uliyatini yanada oshiradi.
Yana bir muhim yangilik – sud ishlarini avtomatik taqsimlash dasturining takomillashtirilishidir. Ishlar qaysi sudyaga tushishi hamda qayta taqsimlanish mezonlarining aniq va shaffof bo‘lishi protsessual ishtirokchilarda hech qanday shubha yoki e’tiroz qoldirmaydi. Korrupsiya va intizom buzilishi haqida xabar bergan xodimlarni himoya qilish tizimi hamda fuqarolar uchun xavfsiz aloqa kanallarining yaratilishi esa ichki nazoratni yangi bosqichga olib chiqadi.
Shuningdek, sud apparatiga ishga qabul qilish tizimi ham tubdan yangilanmoqda. Bundan buyon bo‘sh lavozimlarga kadrlar faqat ochiq tanlov va meritokratiya, ya’ni shaxsning bilim, tajriba va iqtidoriga qarab baholanishi tamoyili asosida qabul qilinadi. Har bir nomzodning ma’naviy-axloqiy sifatlari va korrupsiyaga qarshi barqarorligi jiddiy tekshiriladi. Xodimlar uchun tadbirkorlik bilan shug‘ullanish va chet elda hisobvaraq ochish kabi cheklovlar joriy etilishi esa xolislikni ta’minlashning muhim shartidir.
Taqdimotda sud apparati xodimlari uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimining joriy etilishi ham alohida qayd etildi. Libos – bu shunchaki mato emas, u – mas’uliyat timsoli. Shu libosni kiygan har bir xodim o‘z qaddini baland tutish bilan birga, davlat nomidan ish ko‘rayotganini, har bir harakati, hattoki gapirish madaniyati ham etika me’yorlariga mos bo‘lishi kerakligini chuqur anglaydi.
Umuman olganda, yig‘ilishda ilgari surilgan strategik tashabbuslar soha va hayotga keng tatbiq etilishi davlatimiz rahbarining “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinishi bilan mustahkam huquqiy asosga ega bo‘ldi. Mazkur hujjat sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, inson omilini bartaraf etish va kadrlar siyosatini tubdan sog‘lomlashtirishga qaratilgan yangilanishlarni tizimli ravishda hayotga joriy etish mexanizmini belgilab berdi. Endilikda komplayens nazorati kuchaytirilishi, kadrlarni tanlashda meritokratiya tamoyillari va zamonaviy raqamli tizimlar izchil qo‘llanilishi sud apparati xodimlarining xizmat mas’uliyatini tubdan oshirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, sud tizimida shaffoflik, halollik va adolat muhitini mustahkamlash fuqarolarning davlatga hamda qonun ustuvorligiga bo‘lgan hurmatini shakllantiradigan asosiy omildir. Yangi huquqiy asoslar negizida amaliyotga tatbiq etilayotgan bunday tizimli chora-tadbirlar mamlakatimizda sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi, ochiqligi va sofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Nilufarxon SAID-GAZIEVA,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
Devon rahbari, yu.f.d.
O‘zA