Sud tizimida xalqaro hamkorlik
Andijonda “Ma’muriy tartib taomillar, ma’muriy sudlarda ish yuritishdagi dolzarb muammolar va manfaatdor taraflarning huquqlarini himoya qilishning yangi imkoniyatlari” mavzusida halqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining mintaqaviy filiali (GIZ), Andijon viloyati hamda tumanlararo ma’muriy sudlari hamkorligida o‘tkazilgan anjumanda ma’muriy sud sudyalari, xorijiy ekspertlar – Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati vakillari ishtirok etib mazkur yo‘nalishdagi mamlakatimiz va xorijiy qonunchilik me’yorlari, amaliyotdagi yutuq va muammolar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilda qabul qilingan “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyati, ma’muriy sudlar ish yurituvida tomonlarning huquqlarini himoya qilishda qonun talablarini tatbiq etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish xususida so‘z yuritdi.
Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining O‘zbekiston va Qozog‘istondagi vakolatxonasi rahbari, Berlin (Germaniya) shahar ma’muriy sudining sudyasi Y.Pudelka, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati mintaqaviy filialining O‘zbekistondagi huquqiy loyiha rahbari K.Kore-Perkone esa bu borada Germaniya tajribasi, xalqaro qonunchilik va me’yorlar bo‘yicha ma’lumotlar berdi.
Anjuman ishtirokchilari va ekspertlari tomonidan ma’muriy tartib taomillar, ma’muriy sudlarda ish yuritishdagi muammolar va manfaatdor taraflarning huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarni yanada yuqori darajaga ko‘tarish, mazkur yo‘nalishda halqaro hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Mazkur anjuman soha vakillariga mavzu doirasidagi bilim va malakalarini oshirish, o‘zaro tajriba almashish imkonini berdi.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA