Sud tizimi: murojaatlar doimo e’tiborda
Markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Jizzax viloyat sudi binosida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda sud-huquq masalalarida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Unda Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Shuhrat Xudayarov, viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Shuhrat Mullajanov, viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Murotjon Fayazov, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Jizzax viloyat sudi xodimlari ishtirok etdi.
Dastlab, tadbir ishtirokchilari viloyat sudining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi bosh konsultanti Muhiddin Nurmatovning “Sud-huquq masalalarida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash faoliyati” mavzusi yuzasidan viloyat sudlariga Prezidentimizning Jizzax viloyatidagi virtual va Xalq qabulxonalari, Bosh vazirning tadbirkorlar bilan ishlash va Bosh prokuraturaning portallaridan kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha batafsil axboroti tingladi.

– Ushbu ochiq muloqotni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – sudlarning faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikni to‘liq xabardor qilish, bu orqali sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirishdan iborat. Bunda asosiy e’tibor ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik tomonidan muayyan sud ishlari (ishni ko‘rish jarayoni, ish natijalari va boshqalar) ni noto‘g‘ri talqin qilinish, sud ishini noto‘g‘ri yoritish va izohlashni oldini olishga qaratilishi talab etiladi, – deya ta’kidladi Muhiddin Nurmatov.
Jizzax viloyat sudlariga o‘tgan 2022 yil davomida jami 6 ming 437 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 2 ming 994 tasi jinoyat sudlov hay’atiga, 490 tasi iqtisodiy sudlov hay’atiga, 2 ming 953 tasi fuqarolik sudlov hay’atiga kelib tushgan. Shundan, Prezidentning virtual va Xalq qabulxonalari, respublika Bosh vazirining tadbirkorlar bilan ishlash hamda Bosh prokuratura portallari orqali jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan jami 2 ming 941 ta, viloyat sudlariga jismoniy va yuridik shaxslar (vakillari)ning umumiy mazmundagi 828 ta murojaati kelib tushganligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Jizzax viloyat sudi va Prezidentning viloyatidagi Xalq qabulxonasi hamda viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi ishtirokida olis hududlardagi fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlarini o‘rganish yuzasidan doimiy tarzda sayyor qabullar o‘tkazib kelinayotgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, viloyat sudi tomonidan har chorak yakuni bo‘yicha sudlarga kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish ahvolini umumlashtirib, tahlil qilib borilishi hamda ushbu masala viloyat sudining Rayosatida muhokama qilinishi ham alohida qayd etib o‘tildi. Shundan so‘ng, viloyat sudlari sudyalari tadbir qatnashchilariga sud-huquq masalalarida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash faoliyati yuzasidan o‘zlarining qo‘shimcha tushuntirishlarini ham berib, sud qarorlarini ommaviy axborot vositalari orqali yoritilish tartibi haqida bergan tushuntirishlari, muloqot ishtirokchilarining diqqat markazida bo‘ldi.
Jonli va ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda jurnalistlarning sud-huquq masalalari bo‘yicha savollariga sudyalar tomonidan batafsil javob berildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA