Sud tizimi: islohot va amaliyot
Mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish borasida qator vazifalar belgilab olindi.
Mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish borasida qator vazifalar belgilab olindi.
Oʻtgan davr mobaynida bu tizim bir necha marotaba isloh etildi. Har bir jarayonda inson huquqlarini himoya qilish, adolat prinsiplariga rioya etish kabi tamoyillar ustuvorlik kasb etib keldi.
Hozirgi paytda mamlakatimizda huquqiy davlat tuzilishining eng muhim jihatlaridan biri sifatida mazkur tizimni chuqur isloh qilish va liberallashtirish ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Sudlar oʻzlariga xos boʻlmagan sud qarorlarini ijro qilishdek funksiyadan ozod boʻldi. Sud-huquq islohotlarini amalga oshirishda katta eʼtibor sudlarning ixtisoslashuviga qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonining qabul qilinishi tizim islohotidagi navbatdagi qadam boʻldi.
Amalga oshirilayotgan ishlar va qoʻlga kiritilayotgan ijobiy natijalarga qaramay, tizimda yechimini kutayotgan masalalar borligi bugun yana-da ayonlashmoqda. Binobarin, sud himoyasini taʼminlashdagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlar saqlanib qolayotganligi, sud qarorlarini qayta koʻrishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari mavjudligi va boshqa bir qator kamchiliklar sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.
Farmonga koʻra, 2021-yil 1-yanvardan boshlab viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi.
Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkaziladi. Maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlari tashkil etiladi va shu munosabat bilan tuman (shahar) maʼmuriy sudlari tugatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy malaka hayʼatining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hayʼatlarining qarorlari ustidan Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish huquqi berilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilinadi. Jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibi belgilanadi. Jinoyat ishining umumiy tartibda koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichi kiritiladi.
Yana quyidagi tartiblar oʻrnatilmoqda:
– tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish;
– apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish;
– Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish;
– davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga koʻra jinoyat ishini tugatish;
– prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori boʻyicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud boʻlgan holdagina, suddan chaqirib olib oʻrganish;
– qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qoʻzgʻatilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning koʻrilishida prokuror oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish.
Sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada yigirma million AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar va davlat organlari oʻrtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish vakolati berilayotir.
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining Sud amaliyoti muammolarini oʻrganish markazini tugatish hisobidan boʻshayotgan 9 ta shtat birliklari Oliy sud tuzilmasida tashkil etilayotgan Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasini shakllantirishga yoʻnaltiriladi.
Hujjatda sud-huquq tizimi xodimlarining moddiy manfaatdorligi, ularni ragʻbatlantirish masalalari ham eʼtibordan chetda qolgani yoʻq. 2021-2025-yillarda sudlarning binolari va xonalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish dasturi tasdiqlanadigan boʻldi.
Ushbu yangiliklar sudyalar va shu tizimda faoliyat olib borayotgan boshqa xodimlar zimmasidagi masʼuliyatni yana-da oshirishga xizmat qiladi.
M.ARIPOV,
Qorovulbozor tuman JIB sudi raisi,
R.KENJAYEV,
tuman maʼmuriy sudi raisi.