Sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi
Sudlanuvchi A.Q. tomonidan berilgan shikoyat arizaga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining 2022 yil 17 iyun kungi hukmi ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sud hay’ati appelyatsiya instansiyasining qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining mazkur hukmiga ko‘ra, oldin “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori lavozimida ishlagan A.Q., O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining bir necha moddalari bilan aybdor deb topilgan. Tayinlangan jazolar Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibining bir qismini qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 2 yil muddatga davlat organlarida, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarda hamda tashkilotlarda boshqaruv va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan ayrilib, 3 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
A.Q. mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh hisobchisi Z.Q. ishtirokida “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatining tegishli ruxsatini olmasdan 2020 yil 9 sentyabr kuni “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 51 foizlik ulushi bilan Xo‘jayli tumanida “Eko suv” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qilib, uning ustav fondini 10 million so‘m qilib belgilagan. Mazkur jamiyatning ustavi talablarini qo‘pol ravishda buzib, hech qanday qonuniy asosga ega bo‘lmasdan 2020 yil 10 sentyabr kuni “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatining hisob raqamidan 300 million so‘m mablag‘ni jamiyatning bosh hisobchisi orqali “ustav fondini shakllantirish” niqobi ostida “Eko suv” MCHJning hisob raqamiga o‘tkazib yuboradi.
Shuningdek, u o‘z jinoyatini yashirish va qilmishiga qonuniy tus berish maqsadida pul mablag‘i o‘tkazilganiga bir yilcha vaqt o‘tganiga qaramasdan, 2021 yil avgust oyida jamiyat a’zolari ishtirokida 300 million so‘m mablag‘ o‘tkazish haqidagi taklifni ma’qullatish uchun yig‘ilish o‘tkazgan. Lekin aslida 2020 yil 20 avgustda bo‘lib o‘tmagan qalbaki yig‘ilish bayonnomasini tayyorlagan. Shuningdek, “Eko suv” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qilish va bosh hisobchisiga uning ustav fondi uchun 300 million so‘m mablag‘ni o‘tkazish vazifasi yuklatilgan buyruqni o‘tgan vaqt sanasi bilan tayyorlatgan.
Bundan tashqari, u “Qoraqalpoq suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyatida Prokuratura huzuridagi departament tomonidan tekshirish bo‘lganida, o‘rinbosarlarini va yuridik bo‘limi boshlig‘ini o‘z xonasiga chaqirib, mablag‘ o‘tkazish haqida mas’ullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilganini va bu haqda tegishli buyruq chiqarilganini aytishga majburlab, dastlabki tergov davrida yolg‘on ko‘rsatma berilishiga erishgan.
Sud hay’ati ish bo‘yicha raislik qiluvchining bayonotini, prokuror, himoyachi advokatlar va sudlanuvchining fikrlarini tinglab, ish materiallarini ariza vajlari bilan qayta tekshirgan holda sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirish zarur deb topdi.
O‘zA