Sud buyrug‘i instituti amalda qanday samara bermoqda?
Sudyalarning ish hajmini kamaytirish, shu orqali odil sudlovni ta’minlashning samaradorligi va sifatini oshirishning muhim usullaridan biri sudda ishlarni soddalashtirilgan tartibda hal etishdir. Shu maqsadda “Buyruq tartibida ish yuritish” instituti joriy etilgan. Amalda bu institut qanday samara bermoqda?
Bu savolga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jamoatchilik bilan aloqalar markazi boshlig‘i Aziz Obidov javob berdi:
– Sud buyrug‘i o‘zining bir qator afzalliklari bilan ajralib turadi. Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda keng qo‘llanayotgan sud buyrug‘i arizani sudya tomonidan sud muhokamasisiz, kreditor va qarzdorni chaqirtirmasdan, ularning tushuntirishlarini eshitmasdan yakka tartibda qabul qilinadigan sud hujjati hisoblanadi.
Sud buyrug‘i Fuqarolik protsessual kodeksining 171-moddasida ko‘rsatilgan talablar bo‘yicha chiqariladi va bevosita ijro hujjati kuchiga ega.
Buyruq tartibida ish yuritish manfaatdor shaxs – qarz undiruvchining tashabbusi bilan boshlanadi. Talab kimga nisbatan qaratilgan bo‘lsa, u qarzdor, deb e’tirof etiladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud buyruqlari qonunchilikda belgilangan qat’iy qoidalar asosida faqat mulkiy tusdagi talablar yuzasidangina chiqariladi. Mulkiy tusda bo‘lmagan yoki ko‘chmas mol-mulklarni undirishga qaratilgan talablar yuzasidan sud buyruqlari chiqarilishi taqiqlanadi.
Sud buyrug‘i chiqarish haqidagi talab Fuqarolik protsessual kodeksining 33-moddasida belgilangan sudlovga taalluqlilikning umumiy qoidalariga amal qilingan holda sudga beriladi. Shu bilan birga, voyaga yetmagan farzandning ta’minoti uchun aliment undirish haqidagi talab undiruvchi yashayotgan joydagi sudga, ijro qilish joyi ko‘rsatilgan notarial tasdiqlangan bitimga asoslangan talab esa, ushbu talab bajarilishi lozim bo‘lgan joydagi sudga taqdim qilinishi ham mumkin.
Sud buyrug‘i chiqarish to‘g‘risidagi ariza yozma shaklda va axborot tizimi orqali elektron hujjat shaklida ham beriladi.
Fuqarolik protsessual kodeksining 177-moddasiga asosan, arz qilingan talabning mazmuni bo‘yicha sud buyrug‘i ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran uch kun ichida sudya tomonidan beriladi. Sud buyrug‘i berilganidan keyin sud uning ko‘chirma nusxasini darhol qarzdorga yuboradi. Sud buyrug‘i sudyaning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat tarzida yuborilishi ham mumkin. Sud buyrug‘i o‘n kunlik muddat o‘tgach, qonuniy kuchga kiradi.
Qarzdor arz qilingan talabga qarshi e’tirozlarini sud buyrug‘ining ko‘chirma nusxasini olgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda o‘sha sudga yuborishga haqli. Bunday holda sudya sud buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Sud buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risidagi ajrimda sudya undiruvchi bildirgan talab da’vo ishini yuritish tartibida taqdim etilishi mumkinligini tushuntiradi. Sud buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risidagi ajrimning ko‘chirma nusxasi ajrim berilganidan keyin uch kundan kechiktirmay undiruvchi va qarzdorga imzo qo‘ydirib topshiriladi yoki ularga pochta orqali yoxud elektron hujjat tarzida yuboriladi.
Sud buyrug‘iga nisbatan e’tiroz bildirish uchun qonunda belgilangan o‘n kunlik muddatning qarzdor tomonidan o‘tkazib yuborilgani sud tomonidan uzrli, deb topilgan taqdirda, sud uning iltimosnomasiga asosan ushbu muddatni tiklashi mumkin. Muddatni tiklash haqida iltimosnoma bilan murojaat qilinmasdan turib, muddat o‘tkazilgandan so‘ng berilgan e’tirozlar sud tomonidan ko‘rilmaydi va muallifga qaytariladi.
Sud buyrug‘i bekor qilingan taqdirda undiruvchining takroran sudga murojaat qilish huquqi cheklanmaydi, balki undiruvchi bildirgan talab bilan da’vo ishini yuritish tartibida da’vo arizasi bilan sudga murojaat qilish huquqidan foydalanish mumkin. Sud buyrug‘i faqatgina qarzdorning e’tirozi asosida emas, balki undiruvchining arizasiga asosan ham bekor qilinishi mumkin.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2023-yilda qiymati 3,6 trillion so‘mlik 483 ming 617 ariza sud buyrug‘i tartibida hal qilingan. Bu ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 60,4 foizga ortgan.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, sud buyrug‘i instituti har tomonlama qulayligi bilan odil sudlov sifatini oshirishga samarali hissa qo‘shmoqda.
Norgul Abduraimova,
O‘zA