Sud apparati xodimlari ochiq tanlov asosida ishga olinadi
Davlatimiz rahbarining “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, HR-menejment mexanizmlaridan keng foydalangan holda sudlar apparatining kadrlarini boshqarish va nazorat qilishning samarali va zamonaviy tizimi joriy etiladi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar nomzodlarning shaxsiy va kasbiy fazilatlari, shu jumladan, ularning ma’naviy-axloqiy va halollik sifatlarini haqqoniy baholash imkonini beruvchi ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi joriy etiladi.
Vakant lavozimlarni e’lon qilish va nomzodlarni saralash jarayonlarini raqamlashtirishga mo‘ljallangan “vacancy.sud.uz” portali hamda sud tizimida xodimlar bilan ishlashga qaratilgan “SudHR” elektron platformasi ishlab chiqilib, ishga tushiriladi.
Sudlarga oliy yuridik ma’lumot va ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan kadrlarni jalb qilishda respublikaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yil sentabrgacha Odil sudlov akademiyasida sudyalar va sud apparati xodimlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaning boshqa ko‘rinishlarini oldini olish bo‘yicha “real keyslar”ga asoslangan o‘quv-amaliy modul joriy etiladi.
N.Abduraimova, O‘zA