«Students Cup» turniri talabalarni yashil maydon sari chorlamoqda
Bundan ikki yil muqaddam mini-futbol bo‘yicha «Students Cup» musobaqasi talaba-yoshlar tomonidan iliq qarshi olinib, har bir uchrashuv o‘ziga xos bayramga aylanib ketgandi.
Oradan ikki yil o‘tib mazkur musobaqa yana talabalarni yashil maydon sari chorlamoqda.
O‘zbekiston professional futbol ligasi xabariga ko‘ra, o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilayotgan "Students Cup" turniri davlatimiz rahbarining 2021-yil 5-noyabrdagi «Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va "workout" sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2023-yil 7-apreldagi «Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlariga asosan yoshlarning futbolga qiziqishini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Ayni vaqtda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida III bosqichli «Talabalar ligasi» musobaqasini o‘tkazib kelmoqda. «Students Cup» turniri «Talabalar ligasi» kabi davriy musobaqa hisoblanmaydi. U kubok shaklida o‘tkaziladi. Bir necha kun ichida g‘olib jamoa aniqlanadi. Turnir poytaxt va Toshkent viloyati oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida tashkil etilishi belgilandi.
Bugun, 4-aprel kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Professional futbol ligasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mutaxassislari ishtirokida "Students Cup" musobaqasini tashkil etish masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda uning tashkiliy jihatlari muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida fikrlar bildirilib, "Students Cup" turnirida ishtirok etish tartibi, uning nizomi, guruhlarni shakllantirish tartiblari xususida qarorlar qabul qilindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA