Stol tennisida "Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi" g‘oliblari aniqlandi
Stol tennisi musobaqalarining "Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi" dasturidan o‘rin olgani nafaqat kichik raketka mashg‘ulotlariga qiziqadigan talaba-yoshlar faoliyatida, oliy ta’lim muassasalari, tizimdagi sport klublari ish tizimiga ham o‘ziga xos ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Bu, o‘yinlarning birinchi va ikkinchi bosqich musobaqalarini tashkil etishda, sport jihozlari bilan ta’minlashda yangi imkoniyatlar maydonini vujudga keltirdi.
Yurtimiz ta’lim muassasalarining iqtidorli tennischi talabalari ishtirokida o‘tgan final bahslarining yakkalik va aralash juftlik musobaqalari bir qator iste’dodlarni kashf etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Qiziqarli kechgan saralash, yarim final va final o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, talaba qizlar o‘rtasidagi yakkalik o‘yinlarda Toshkent iqtisodiyot va pedagogika instituti sportchisi Diyora Toshpo‘latova g‘oliblik shohsupasidan joy olgan bo‘lsa, sovrinli o‘rinlar Shahrizoda Sharipova (Chirchiq davlat pedagogika universiteti), Gulnoz Sheraliyeva (Urganch davlat universiteti), Gulbahor Abdusalomova (Namangan davlat universiteti)ga nasib etdi.
Yakkalikning yigitlar bahsida esa Muhammadaminxo‘ja Abdurasulov (Chirchiq davlat pedagogika universiteti) 1-o‘rinni, Diyorbek Tohirmuhammadjonov (Qo‘qon davlat pedagogika instituti) 2-o‘rinni, Dilshodbek Rajabov (Urganch davlat universiteti) va Sherzod Yo‘ldoshev (Nukus davlat pedagogika instituti) 3-o‘rinlarni egalladi.
Aralash juftlik musobaqalaridagi raqobatda Urganch davlat universiteti talabalari Faridjon Jumaqulov va Noila Nishonova oltin, Nizomiddin Ro‘ziboyev va Muxlisa Abdumannopova (Farg‘ona davlat universiteti) kumush, Ikramov Omadillo va Abdullayeva Mohira (Andijon davlat pedagogika instituti) hamda Azizbek To‘ymurodov va Sevinch Azimjonova (Guliston davlat universiteti) bronzaga egalik qildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA