Stol tennisi: O‘zbekiston yirik xalqaro musobaqalar markaziga aylanadi
Poytaxtimizda stol tennisi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan “WTT Youth Contender Tashkent” xalqaro turniri mamlakatimizda ushbu sport turi jadal rivoj topayotgani, iqtidorli yoshlar safi yildan-yilga ortayotganini yana bir karra namoyon etdi.
Mazkur musobaqalarni bevosita kuzatish maqsadida yurtimizga kelgan Xalqaro stol tennisi federatsiyasi prezidenti Petra Suorling xonim Toshkentdagi “Olimpiya shaharchasi”, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda qator maskanlarda o‘tkazgan uchrashuv va muloqotlar davomida O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘z so‘zi, takrorlanmas sport infratuzilmasiga ega mamlakat ekanligini e’tirof etdi.
Xususan, O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi raisi Sherzod Kudbiyev bilan o‘tkazgan muloqoti davomida sport sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari asosida sport infratuzilmalarini rivojlantirish, zamonaviy sport majmualarini barpo etish hamda yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarga yuqori baho berdi.
Uchrashuvda mamlakatimizda stol tennisini yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda professional sport tizimini rivojlantirish yo‘nalishidagi loyihalar haqida atroflicha fikr bildirildi.
Tomonlar kelgusida O‘zbekistonda yirik xalqaro musobaqalarni tashkil etish, murabbiylar va hakamlar malakasini oshirish, yosh sportchilarni xalqaro maydonga tayyorlash masalalarini muhokama qildi.
Mazkur uchrashuv o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, O‘zbekiston stol tennisi sportining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA