Startap oʻzi nima va u qanday paydo boʻlgan?
“Startap” termini inglizcha start-up soʻzidan olingan boʻlib, uning “jarayonni boshlash”, “ishga tushirish” kabi maʼnolari mavjud.
Ilm-fan va texnika yutuqlarini keng qoʻllagan holda iqtisodiyot tarmoqlariga, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish mamlakatimizning ushbu sohadagi dinamik rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi. Kuni kecha “Startaplar toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali regulation.gov.uz ga joylashtirildi. Xoʻsh, bizga startap fenomeni haqida nimalar maʼlum?
“Startap” termini inglizcha start-up soʻzidan olingan boʻlib, uning “jarayonni boshlash”, “ishga tushirish” kabi maʼnolari mavjud. Dastavval “startap” atamasi 1939-yil AQSHda yuqori texnologiyalari sohasidagi ishlanmalarga ixtisoslashgan Santa-Klara vodiysi (Kaliforniya)da paydo boʻlgan. Oʻsha vaqtda Stenford universiteti talabalari Devid Pakkard va Uilyam Xyulettlar oʻzlarining kichik loyihasini yaratadi va u ishni startap deb ataydi. Keyinchalik esa mazkur startap asta-sekinlik bilan katta va mashhur Xyulett-Pakkard (HP) korxonasiga aylandi.
Mijozlar istiqboli (customer development) metodi asoschilaridan amerikalik tadbirkor S.Blank oʻzining “Startap egalari uchun qoʻllanma” (“Steve Blank and Bob Dorf. The Startup Ownerʼs Manual”) kitobida startapni biznes-modelini kengaytirishni koʻzlagan vaqtinchalik tuzilma, deb hisoblaydi. Bir guruh olimlari startaplarni kichik tadbirkorlik subyekti va faqat yuqori tavakkalchilik sifatida qabul qilsa, boshqa guruh olimlari esa startaplar oʻzining biznes modelini kengaytirish maqsadida investitsiya jalb qilishni maqsad qilgan yuridik shaxslar deb bilishadi. Demak, startap bu faoliyati yuqori tavakkalchilikka asoslangan va biznes modelini kengaytirish uchun investitsiyalarni jalb qilish maqsadini koʻzlaydigan vaqtinchalik boʻlgan tuzilmalar.
Startaplar qaysi sohalarda koʻp uchramoqda?
Bugungi kunga kelib startaplar axborot texnologiyalari (IT), tadbirkorlik mahsulotlari va xizmatlari (Business Products & Services), sunʼiy intellekt (AI), internet dasturlar va xizmatlar (Internet Software & Services), mobil dasturlar va xizmatlar (Mobile Software & Services), internet ashyolari (IoT), elektron tijorat (e-commerce), moliya texnologiya (Fintech), biotexnologiyalar (Biotech), reklama texnologiya (Adtech), 3 hajmli chop etish (3D Printing), logistik tashishilar (Supply chain & Logistics) kabi sohalarda dinamik tarzda oʻsishga erishmoqda. Taʼkidlash lozimki, hozirgi paytga kelib eng mashhur internet startaplar sifatida Facebook, videoroliklar bazasi – YouTube, fotosuratlarni saqlash xizmati – Flickr, xabarlar almashinuvi platformasi – Twitter kabilar tan olinadi.
Startaplar statistikasi qanaqa?
Innmind.com internet saytinig maʼlumotiga koʻra dunyo boʻyicha har yili 100 mln startaplar oʻz faoliyatini boshlaydi. Shu raqamlarning ichida 1.35 mln startaplar aynan texnologik sohaga ixtisoslashgan startaplar hissasiga toʻgʻri keladi. Har yildagi startap kompaniyalardan 5.7 mln startaplar muvaffaqiyatli tarzda akselerator dasturlariga saralab olinadi, ammo shulardan 824 startaplar global bozorga oʻzining tovar, ish va xizmatlarni taklif etish orqali chiqish imkoniyatiga ega boʻladi. Roʻyxatdan oʻtgan boshqa startaplar esa odatda toʻgʻri biznes-model tanlanmaganligi, samarali startap loyihasining shakllanmaganligi, investitsiyalash manbasiga ega boʻlmaganligi kabi qator sabablar tufayli oʻz faoliyatini tugatishiga majbur boʻladi.
Startaplar boʻyicha xorijiy davlatlar tajribasi qanday?
Startaplar boʻyicha eng yuqori taraqqiyotga erishgan davlat AQSH sanaladi. Faoliyatini aynan startap sifatida boshlagan AQSHning Facebook, Youtube, Google, Apple kompaniyalari bugunga kelib katta gigant korporatsiyaga aylanishga ulgurishdi. Mamlakatda sohani tartibga soluvchi Bey-Doul qonuni, Stivenson-Uaydler qonuni va “Bizning biznes startaplar toʻgʻrisida”gi (JOBS act) qonunlar orqali startaplarning samarali faoliyat yuritishi uchun qulay mexanizmlar oʻrnatilgan. Qolaversa, AQSH Kichik biznes administratsiyasi (US Small Business Administration) tomonidan sohani qoʻllab-quvvatlash yoʻlida Kichik biznes innovatsion tadqiqot (Small Business Innovation Research (SBIR)), Kichik biznes texnologiya transferi (Small Business Technology Transfer (STTR)) dasturlari orqali startaplarga 150 ming AQSH dollaridan 1 mln AQSH dollarigacha boʻlgan summada moliyaviy koʻmak hamda malakali ekspertlar tomonidan konsalting xizmatlari koʻrsatib boriladi.
Janubiy Koreyada esa 2017-yili Kichik, oʻrta biznes va startaplar vazirligi (Minister of SMEs and Startups) tashkil etildi. Uning asosiy funksiyasi kichik, oʻrta biznes va startaplarni tashkil etish va rivojlantirish uchun qulay tizim ishlab chiqish hamda yirik kompaniyalar bilan kichik, oʻrta biznes va startaplar oʻrtasidagi hamkorlikni taʼminlashga koʻmaklashishdan iborat.
Startaplar dinamik suratda rivojlangan davlatlardan yana biri Isroil sanaladi. Mamlakatda Samsung, Yahoo, Microsoft kabi yirik kompaniyalarning ilmiy tadqiqot markazlari startaplarga akseleratorlik xizmatlarini koʻrsatadi va istiqbolli startaplarni saralab olishadi.
“Startaplar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi nimalarni nazarda tutyapti?
Qonun loyihasida startap-ekotizimni davlat tomonidan tartibga solish, shuningdek startaplarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, startap-ekotizim subyektlari faoliyatini amalga oshirish, koʻmak dasturlarida startaplarni roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olish, sertifikatlangan biznes-inkubatorlar va akseleratorlar va startaplarni moliyalashtirish va ularni moliyalashtirishda chet el venchur kapitalini jalb qilish uchun qoʻshimcha chora-tadbirlar haqida qoidalar ishlab chiqilgan.
“Startaplar toʻgʻrisida”gi qonun nimalarni taqdim etadi?
Bugungi kungacha startap termini qator normativ-huquqiy hujjatlarda qayd etilgan boʻlsa-da, u haqida yaxlit bir taʼrif mavjud emas edi. Qonun, eng avvalo, mazkur boʻshliqni bartaraf etgan holda startap tushunchasiga taʼrif taqdim etadi. Qolaversa, qonun bilan startaplar faoliyatiga yangi subyektlar kirib keladi hamda qonun ushbu subyektlar sinfining shakllantirishga xizmat qiladi.
Bular qatoriga biznes-inkubator, startap akselerator, individual venchur investori (biznes-angel) va malakali korporativ venchur investori kabi startap faoliyati ishtirokchilari mansub. Umuman esa, mazkur qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda startaplarning rivojlanish yoʻlidagi asosiy faktor boʻlishi bilan birga, ularning huquqiy, tashkiliy, investitsiyalash jabhalarida istiqbolga erishishi uchun tashlangan muhim “qadam” hisoblanadi.
A.Tojiboyev,
Toshkent davlat yuridik
universiteti oʻqituvchisi