Startap g‘oyalar saralanmoqda
Toshkent shahrida istiqbolli startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ularni keyingi rivojlanish bosqichiga tayyorlash hamda xalqaro bozorga olib chiqishga qaratilgan Startup Growth Program 3.0 (SGP 3.0) dasturining birinchi bosqichi — Startup Growth Conference & Bootcamp konferensiyasi boshlandi.
Dasturning dastlabki saralovidan o‘tgan 23 ta startap jamoasi ishtirok etayotgan tadbir UzVC va AKS hamkorligida tashkil etildi. Uch kun davomida amaliy seminarlar, xalqaro mentorlar ishtirokida vorkshoplar, ekspertlar bilan ochiq muloqotlar, individual diagnostik uchrashuvlar hamda netvorking sessiyalari o‘tkaziladi.
Konferensiya startap ekotizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan panel muhokamasi bilan boshlandi. Unda startaplarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion loyihalarni rivojlantirish, biznesni masshtablash va xalqaro bozorlarga chiqish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Startup Growth Program 2.0 bitiruvchisi bo‘lgan Tezbor startapining tajribasi hamda Techstars taqdimoti namoyish etildi.
[gallery-31313]
Xalqaro mentorlar ishtirokidagi vorkshoplarda narxlash va pozitsiyalash, bozorga chiqish strategiyasi, startap g‘oyasini qisqa va aniq taqdim etish kabi mavzular ko‘rib chiqildi. Bu mashg‘ulotlar ishtirokchilarga mahsulot va biznes modelini takomillashtirish, maqsadli auditoriyani aniqlash hamda o‘sish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berishga qaratilgan.
Konferensiyaning muhim bosqichlaridan biri — startap jamoalari bilan o‘tkaziladigan individual diagnostik uchrashuvlardir. Ularda har bir loyihaning biznes modeli, mahsuloti, bozor salohiyati, jamoa imkoniyatlari va rivojlanish istiqbollari xalqaro mentorlar hamda UzVC mutaxassislari tomonidan baholanadi.
Ushbu baholash yakunlariga ko‘ra, 23 ta startapdan 15 tasi dasturning keyingi bosqichiga saralab olinadi. Saralangan jamoalar UzVC tomonidan 20 ming AQSH dollarigacha investitsiya jalb etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Konferensiyaning uchinchi kunida saralash natijalari e’lon qilinib, dasturning keyingi bosqichi taqdim etiladi hamda ishtirokchilar o‘rtasida netvorking tadbiri tashkil etiladi.
Dastur startaplarga moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bilan birga xalqaro tajribaga ega mentorlar bilan ishlash, biznesni diagnostika qilish, investorlar uchun taqdimot tayyorlash va bozorga chiqish strategiyasini takomillashtirish imkoniyatini yaratadi.
Konferensiya 10-sentabr kuni yakunlanadi.
Kamola Yusupova, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA