Standartga muvofiqlik raqobatbardoshlik omili
Bugun salfetkadan tortib avtomobilsozlik sanoatigacha, poyabzal ta’mirlashdan millionlab mijozga xizmat ko‘rsatayotgan uyali aloqa xizmatigacha o‘z standartlariga ega.
Bugun salfetkadan tortib avtomobilsozlik sanoatigacha, poyabzal ta’mirlashdan millionlab mijozga xizmat ko‘rsatayotgan uyali aloqa xizmatigacha o‘z standartlariga ega. Ushbu standartlarga muvofiqlik to‘g‘risidagi sertifikatlarga ega bo‘lish ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi uchun nafaqat ichki, balki jahon bozorining kalitini qo‘lga kiritish demakdir.“Standart” so‘zi kundalik muloqotda juda ko‘p qo‘llanilsa-da, uning mazmuniga hamisha ham e’tibor beravermaymiz. “Namuna”, “me’yor”, “andoza” ma’nolarini anglatadigan bu so‘z mahsulot yoki xizmatning ma’lum namuna, etalon, andoza yoki me’yorga to‘la mosligini anglatadi.
Hozirgi kunga kelib standartlarning ahamiyati yanada ortdi. Buni qariyb 60-yil avval tashkil etilgan Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro standartlarga muvofiqlik dunyo bozoriga chiqishning birlamchi talabiga aylanganida ham ko‘rish mumkin.
Mamlakatimizda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida bugungi kunda ikki mingga yaqin korxonada xalqaro standartlarga muvofiq sifatni boshqarish tizimlari joriy etildi, ikki mingdan ziyod muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirildi.
Prezidentimizning 2012-yil 26-martdagi “Eksport qiluvchi korxonalarni rag‘batlantirishni kuchaytirish va raqobatbardosh mahsulotlarni eksportga yetkazib berishni kengaytirish borasida qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturilamal bo‘lmoqda.
– Mahsulot xalqaro standartlarga mos kelsagina tashqi bozorda o‘z o‘rnini topadi, – deydi “O‘zstandart” agentligining Mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosi boshlig‘i Nurullo O‘rozqulov. – Davlatimiz rahbarining qarorida ayni shu jihatga alohida urg‘u berilgani agentligimiz zimmasiga katta mas’uliyat yukladi. Shu bois korxonalarda mahsulotlarning sertifikatlashtirilishi, sifat nazorati bilan ta’minlangani hamda sifat menejmenti joriy etilgani borasida tahlillar olib borishga e’tibor qaratmoqdamiz.
2015-2017-yillarda mamlakatimizda 2240 korxonada sifat boshqaruvi tizimi (SBT)ni joriy etish belgilangan. Natijada 2018-yilda umumiy sertifikatlashtirilgan korxonalar soni 3679 taga yetkaziladi.
ISO 9001 seriyadagi xalqaro standartiga asosan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish bilan birga, sanoat xavfsizligi menejmenti (OHSAS 18001), ekologik menejment (ISO 14001), oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizlik menejmenti (ISO 22000), integrallashgan menejment, yaxshi ishlab chiqarish amaliyoti (GMP), mashinasozlik va muvofiq ravishda butlovchi qismlarni yetkazib beruvchi korxonalarda sifat menejmenti (ISO 16949) tizimlarini joriy etish ishlari ham faollashmoqda.
Tadbirkorlik subyektlarini eksport faoliyatiga keng jalb etish Mahsulotlarni eksport qilishga ko‘maklashish byurosining asosiy vazifasi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-apreldagi “Sertifikatlashtirish tartibotlarini va sifat menejmenti tizimlarini joriy etishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan mazkur byuro hamda uning hududiy vakillari standartlashtirish, metrologiya, mahsulotlarni sertifikatlash, qadoqlash, yorliqlash va boshqa parametrlar yuzasidan bepul konsultativ maslahatlar ko‘rsatib kelmoqda.
Byuro O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, Savdo-sanoat palatasi, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Tadbirkorlik subyektlarini xorijiy mamlakatlardagi standartlashtirish, sertifikatlashtirish, mahsulotni yorliqlash va qadoqlash talablari bilan tanishtirish maqsadida AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Polsha, Gretsiya, Yaponiya, Misr, Hindiston, Xitoy, Rossiya, Belarus va boshqa mamlakatlarda bu borada joriy etilgan tartibotlar haqidagi ma’lumotlar byuro ma’lumotlar bazasiga joylashtirilgan.
Byuro xalqaro, davlatlararo va milliy standartlardan iborat 40 mingdan ortiq me’yoriy hujjatga ega elektron kutubxona bilan ta’minlangan.
Byuro mutaxassislari tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati vakillari bilan hamkorlikda meva-sabzavot mahsulotlarini Yevropa davlatlariga eksport qilish talablarini ifoda etuvchi qo‘llanma chop etildi. Bu kichik biznes subyektlari va fermer xo‘jaliklariga o‘z mahsulotlarini xorijga eksport qilish imkoniyatini oshirishda qo‘l kelmoqda. Qo‘llanma asosida meva-sabzavot mahsulotlarining to‘qsondan ortiq standarti xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirildi.
O‘tgan davrda byuro mutaxassislari tomonidan besh mingdan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektiga standartlashtirish, metrologiya hamda mahsulotlarni qadoqlash va boshqa parametrlar yuzasidan ko‘rsatilgan konsultativ xizmatlar natijasida 734 korxona o‘z mahsulotlarini eksport qilgan.
Milliy hunarmandlik va mamlakatimizda yetishtiriladigan tabiiy boyliklardan mahsulot ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarni ham eksportga jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, “Jannat Makon Business” ochiq aksiyadorlik jamiyatining kovul, “Nurislom plyus Roziya” mas’uliyati cheklangan jamiyatining beshik, “UNK Solution” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tandir, xususiy tadbirkor A.Jo‘rayevning adras mahsulotlariga milliy standart ishlab chiqildi.
Kovul mahsulotiga ishlab chiqilgan O’zDSt davlat standarti ISO xalqaro standartlari bilan uyg‘unlashtirilishi natijasida avval xomashyo sifatida xorijga eksport qilingan ushbu mahsulot hozirgi kunda Ispaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya va Gretsiyaga tayyor holda yetkazib berilmoqda.
Muxtasar aytganda, standartlashtirish dunyo iqtisodiyotiga integratsiyalashish, eksport hajmi oshishining asosiy mezonlaridan biri bo‘lib, bu boradagi sa’y-harakatlar mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sishi, xalqimiz farovonligi yanada yuksalishiga xizmat qiladi.