Sportchilarning yutuqlari e’tirof qilindi
Nurafshon shahrida Prezident Olimpiadasi g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev yosh sportchilar, ularning ustoz-murabbiylari hamda ota-onalari bilan uchrashib, yuksak natijalar bilan tabrikladi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan Prezident Olimpiadasi viloyat sportchilari uchun zafarli natijalarga boy bo‘ldi. Keskin va murosasiz o‘tgan bahslarda Toshkent viloyati yoshlari 18 ta oltin, 8 ta kumush va 31 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni, jami medallar soni bo‘yicha esa birinchi o‘rinni egalladi.

Viloyat hokimi ushbu salmoqli yutuqlar bilan yosh sportchilarni, ularning ustoz-murabbiylari hamda fidoyi ota-onalarini samimiy muborakbod etar ekan, bu natijalar katta mehnat, qunt va sabr-toqat mahsuli ekanini alohida qayd etdi. Shuningdek, musobaqaning mintaqaviy va viloyat bosqichlarida saralangan 230 nafar eng kuchli sportchi Respublika finalida viloyat sharafini himoya qilgani ta’kidlandi.
Ayniqsa, boks, yunon-rum kurashi va stol tennisi bo‘yicha jamoalarning muvaffaqiyatli ishtirok etgani e’tirof etildi. Shuningdek, yengil atletika bo‘yicha S.Nusratullayevaning 2000 metrga to‘siqlar bilan yugurish yo‘nalishida 6 daqiqa 39,6 soniya natija ko‘rsatib, 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar orasida O‘zbekiston rekordini o‘rnatgani musobaqaning eng quvonchli voqealaridan biri sifatida qayd etildi.

Shuningdek, viloyatda 2025 yil davomida sport sohasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan yutuqlar ham sarhisob qilindi. Ta’kidlanganidek, viloyatda ham sport infratuzilmasini yaxshilash, yoshlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.
Natijada 15 ta sport ob’ekti barpo etildi, ular uchun 211,5 milliard so‘m, sport jihozlari uchun esa 14 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, mahallalarda aholi uchun qulay bo‘lgan 151 ta sport maydonchalari qurilib, foydalanishga topshirildi.

Bugungi kunda viloyatda 33 ta sport ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularda 41,6 ming nafar yoshlar muntazam shug‘ullanmoqda, 1 ming 332 nafar murabbiy mehnat qilmoqda. Professional sport yo‘nalishida ham salmoqli yutuqlar qayd etilmoqda. Viloyatda 22 ta Olimpiya, 4 ta milliy va 20 ta noolimpiya federatsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Milliy terma jamoalarga tayyorlab berilgan sportchilarning umumiy soni 1 ming 795 nafarga yetdi.

Tadbir yakunida Prezident Olimpiadasi g‘olib va sovrindorlari, shuningdek, ularning ustoz-murabbiylari hamda sport musobaqalarida katta hissa qo‘shgan mas’ullar munosib taqdirlandi. Shuningdek, joriy yilda jahon chempionatida nafaqat viloyat, balki respublika sharafini munosib himoya qilib, O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori cho‘qqilarga olib chiqqan chempionlar ham alohida taqdirlandi.

– Bildirilgan ishonchni munosib oqlashga harakat qildik. Prezident Olimpiadasi biz uchun katta tajriba maydoni bo‘ldi. Men ham unda yaxshi natijalar ko‘rsatib, oltin medalni qo‘lga kiritdim. Kelgusi musobaqalarda ham o‘z mahoratimni yanada oshirib, yurtimiz sharafini yuksaklarga ko‘tarishga harakat qilaman, – deydi angrenlik yosh og‘ir atletikachi Sadoqat Abdug‘aniyeva.

Viloyat hokimi yosh sportchilarni kelgusida ham Vatan sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilishga, bayrog‘imizni yuksak pog‘onalarga ko‘tarishga chaqirib, ularga muvaffaqiyat va yangi zafarlar tiladi.


A.Musayev, O‘zA.