Sportchilarimiz jahon maydonlarida
Bugun, 16 iyul kuni mamlakatimiz sportchilari bir qator nufuzli musobaqalarda O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Misr poytaxti Qohirada qilichbozlik bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionatida ayollar o‘rtasida rapira yo‘nalishidagi bahslarda Umida Ilyasova bahslarni o‘tkazsa, shpaga yo‘nalishining erkaklar o‘rtasidagi musobaqasida Fayzulla Alimov, Roman Aleksandrov, Javohirbek Nurmatov, Nodirbek Mo‘minov kurash olib boradi.
Xorvatiyaning Zagreb shahrida dzyudo bo‘yicha boshlanayotgan Gran-pri musobaqasida hamyurtlarimizdan Nodira Yo‘ldosheva bahslarga kirishadi.
Shuningdek, AQSHning Birmingem shahrida yakuniga yetib borayotgan XI Butunjahon sport o‘yinlarining muay-tay musobaqasida Fanat Qahramonov medallar uchun maydonga chiqadi.
Yengil atletika bo‘yicha Yujin (AQSH) shahrida start olgan jahon chempionati dasturidan o‘rin olgan balandlikka sakrash bellashuvlarida Safina Sa’dullayeva o‘z mahoratini namoyish etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA