Sport – sog‘lom oila asosi
Samarqandda “Sog‘lom oila” shiori ostida o‘tkazilayotgan oilaviy sport musobaqalarining mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Samarqandda “Sog‘lom oila” shiori ostida o‘tkazilayotgan oilaviy sport musobaqalarining mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tanlovning ushbu bosqichida Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlaridan olti oilaviy jamoa qatnashdi.
– O‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashda sportning o‘rni beqiyos, – deydi Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi o‘rinbosari Akbar Qodirov. – Bunda, avvalo, oilada sog‘lom muhit, ota-onaning shaxsiy ibrati, farzandlarining sport bilan shug‘ullanishini qo‘llab-quvvatlashi alohida ahamiyatga ega. Mazkur sport musobaqalari bu borada boshqalarga namuna bo‘layotgan oilalarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish, sportning ommaviyligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Musobaqada oilaviy jamoalar yengil atletika, arqon tortish, xalqa aylantirish kabi ko‘plab qiziqarli shartlar bo‘yicha g‘oliblik uchun bahslashdi. Barcha shartlarni yuqori darajada bajarib, eng ko‘p ochko jamg‘argan samarqandlik Asatulla Po‘latov hamda Surxondaryo viloyatidan Odil Choriyevlar oilasi musobaqa g‘olibi bo‘ldi.
Shuningdek, jamoalar “Eng chaqqon oila”, “G‘alabaga bo‘lgan intilishi yuksak oila” kabi qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham rag‘batlantirildi.