So‘z erkinligi va mas’uliyat: yangi axborot davri ostonasida
Tarix sahifalari Toshkent viloyati hududida qadimda Iloq davlatining Nukent kabi savdo va madaniy markazlari gullab-yashnaganidan dalolat beradi. Keyinchalik bu zaminda Shohruxiya shahri qayta bunyod etildi. Bugun esa viloyatning ma’muriy markazi — Nurafshon shahri zamonaviy shaharsozlik, ilm-fan, innovatsiya va raqamli texnologiyalar uyg‘unlashgan yangi maskan sifatida shakllanmoqda.
“Nurafshon” — nur taratuvchi, ziyo ulashuvchi degan ma’noni anglatadi. Bu nom zaminning asrlar davomida ilm-ma’rifat va bunyodkorlik markazi bo‘lib kelgani bilan hamohang. Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur singari buyuk ajdodlarimiz izlari qolgan bu hudud bugun yangi taraqqiyot bosqichini boshdan kechirmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mamlakatni mintaqaviy IT-xabga aylantirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu borada Nurafshonda “Cyber University” davlat universitetining tashkil etilgani muhim qadam bo‘ldi. Universitetda kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, robototexnika, kiberhuquq, raqamli kriminalistika va kiberiqtisodiyot sohalari uchun mutaxassislar tayyorlanmoqda. Oliygohga ekologik barqarorlik tamoyillari asosida “Yashil kampus” maqomi ham berilgan.
Yaqinda Nurafshonda Kelajak texnologiyalari markaziga tamal toshi qo‘yildi. Umumiy maydoni 36 gektar bo‘lgan majmuaga qariyb 500 million dollar investitsiya jalb qilinishi ko‘zda tutilgan. Markaz ta’lim, ilmiy-tadqiqot, texnologik sinov va ishlab chiqarishni birlashtirgan innovatsion ekotizimga aylanadi.
Bu yerda kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va kriptografiya bo‘yicha laboratoriyalar, sun’iy intellekt data-markazi, muhandislik klasteri, robototexnika va dronlarni sinovdan o‘tkazish poligoni tashkil etiladi. Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida mahalliy texnologiyalarni tijoratlashtirish va milliy mahsulotlarni xalqaro bozorga olib chiqish platformasi ham yaratiladi.
Bugun ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, yurtimiz va dunyodagi voqea-hodisalarni jamoatchilikka xolis va tezkor yetkazish jurnalistlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlar jadal rivojlanayotgan bir davrda bu vazifa yanada dolzarb.
Mamlakatimizda jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun huquqiy va tashkiliy imkoniyatlar kengaymoqda. Prezidentimizning 2022-yil 27-iyundagi OAVni qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirishga qaratilgan qarori ham bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Bugun Toshkent viloyatida 34 ta bosma nashr, 1 ta davlat teleradiokanali, 3 ta media markaz va 10 ga yaqin internet nashr faoliyat yuritmoqda. Viloyatdagi OAV, ijtimoiy tarmoqlar hamda tashkilotlar axborot xizmatlarida 300 dan ziyod texnik va ijodiy xodim mehnat qilmoqda.
Sohada mehnat qilayotgan jurnalistlarning xizmatlari ham munosib e’tirof etilmoqda. Viloyat media sohasida turli davlat mukofotlariga sazovor bo‘lganlar 23 nafarga yetgan. 2022–2026-yillarda Uyushma a’zolarining 5 nafari turli davlat mukofotlari va faxriy unvonlar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining Toshkent viloyati bo‘limi ham jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash va sohani rivojlantirish borasida muayyan ishlarni amalga oshirmoqda. 2022-yilda faoliyati qayta tiklangan bo‘limga viloyat hokimligi tomonidan 139,5 million so‘m, 2023-yilda esa 194 million so‘m subsidiya ajratildi.
Shuningdek, faxriy jurnalistlarning yubiley sanalari nishonlanib, ijodiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari va kasbiy tadbirlar tashkil etildi. Yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, “Mahorat maktabi” to‘garaklari faoliyatini kuchaytirish borasida ham ishlar olib borilmoqda.
Albatta, erishilgan yutuqlar bilan birga kamchiliklar ham bor. Ayrim a’zolar holidan xabar olish, “Mahorat maktabi” faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, mediaforum va seminarlar geografiyasini kengaytirish kabi vazifalar hali oldimizda turibdi.
XXI asr axborot asri sifatida boshlangan edi. Ammo chorak asr ichida axborot makoni tasavvur qilib bo‘lmas darajada kengaydi. Internet, ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellekt jurnalistika oldiga yangi talablarni qo‘ymoqda.
Shu ehtiyojdan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va hududiy hokimliklar hamkorligida media haftaliklar tashkil etildi.
Unda jurnalistlar, bosh muharrirlar, axborot xizmati rahbarlari, televideniye xodimlari va blogerlar zamonaviy jurnalistika tendensiyalari, faktcheking, axborot xavfsizligi, raqamli kommunikatsiya, ijtimoiy tarmoqlar va multimedia kontent tayyorlash bo‘yicha tajriba almashdilar.
Bugun sun’iy intellekt jurnalist uchun muhim yordamchi vositaga aylanmoqda. Ammo u jurnalistning o‘rnini bosmasligi, aksincha, uning imkoniyatlarini kengaytirishi kerak. Zero, texnologiya qanchalik rivojlanmasin, xolislik, mas’uliyat va inson omili jurnalistikaning asosiy mezonlari bo‘lib qolaveradi.
Jurnalistika gazetadan boshlangan. Gazeta jurnalist uchun hamisha o‘ziga xos maktab bo‘lib kelgan. U insonni faktni tekshirishga, manba bilan ishlashga, har bir so‘z mas’uliyatini his qilishga, qisqa va aniq yozishga o‘rgatadi.
Axborot tez tarqalayotgan zamonda yolg‘on xabar, mish-mish va manipulyatsiya ham tez yoyiladi. Shuning uchun jurnalistning vazifasi faqat birinchi bo‘lib xabar berish emas, balki birinchi bo‘lib ishonchli axborot berishdir.
So‘z erkinligi — katta huquq. Ammo bu huquq bilan birga katta mas’uliyat ham keladi. Har bir yozilgan so‘z kimningdir taqdiriga, jamiyatning fikriga ta’sir qilishi mumkin. Shu bois jurnalist qalami erkin bo‘lgani kabi, vijdoni va mas’uliyati oldida ham erkin emas.
Axborot asrida zamon bilan hamnafas qadam tashlash, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, biroq kasbning azaliy mezonlariga sodiq qolish — bugungi jurnalistning eng muhim burchidir.
Zotan, so‘z erkinligi jurnalistga qanot bersa, so‘z mas’uliyati uning yo‘lini belgilaydi.
Rahmatilla SHERALIEV,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Toshkent viloyati bo‘limi raisi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi,
O‘zA