So‘z aytgani keldi dunyoga...
Mashrab Boboyev kibrni, viqorni bilmaydigan, odamlardan yaxshilikni, mehrini ayamaydigan, kamtarin inson edilar.
Ustoz bilan bir muddat birga ishlagan bo‘lsak-da, bunga shaxsan guvoh bo‘lganman.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 27 maydagi tegishli farmoyishi asosida milliy adabiyotimiz rivojiga hissa qo‘shgan betakror bir guruh ijodkorlar qatorida zahmatkash inson, ustoz ijodkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi va dramaturg Mashrab Boboyev tavalludining 80 yilligi ham mamlakatimizda keng nishonlandi.
O‘zbek kino ijodkorlari tomonidan yaratilib, tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan “So‘z aytgani keldi dunyoga...” hujjatli filmi ustoz Mashrab Boboyevning ijodiy, ham insoniy qirralari haqida batafsil so‘z yuritgani bilan ahamiyatlidir.
Filmda Mashrab aka haqidagi yorqin xotiralar Nusrat Rahmat, Erkin A’zam, Usmon Azim, Xurshid Davron, Orziqul Ergash, Jo‘ra Mahmudov, Sharof Boshbekov singari yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar xotiralari, hayotiy hikoyalari orqali to‘laqonli ochib berilgani ahamiyatga molikdir.
Darhaqiqat, Mashrab Boboyev nechog‘li chapani, ham bolafe’l, oqko‘ngil inson bo‘lsalar-da, ijodda o‘z so‘zini aytgan, uni keskin tarzda himoya qila oladigan qat’iyatli shaxs edilar.
Dramaturgiyada Mashrab Boboyev samarali ijod qilganlarining asosiy sababi teatrni ichidan bilganlari, unga g‘oyat katta ehtirom bilan munosabatda bo‘lganlaridir.
Ustoz ijodkorlarning e’tiroficha, Mashrab Boboyevning she’rlari, umuman ijodiyoti xalqchilligi, o‘zidek samimiy ekani hamda balandparvozlikdan, buramalikdan, zamonasozlikdan, shiorlardan yiroqligi bilan ham qardlidir. Xalq dardu tashvishlari, orzu-armonlariga uyqash bo‘lgan bu ijod ustozning so‘zga, adabiyotimizga sadoqatidan darak beradi.
Darhaqiqat, to‘g‘riso‘z shoir o‘lmaydi. Bunga ijodda g‘oyat murosasiz, qatiyatli bo‘lgan Mashrab Boboyevning ikkinchi hayoti u haqidagi tabarruk yodlarda, serqirra ijodi, asarlarida, betakror tarjimalarida davom etayotir. Ustoz haqidagi hujjatli kartina hayotiyligi, haqqoniyligi bilan diqqatga sazovor.
Film muallifi – Sirojiddin Ibrohim, rejissyor – Ravshan Rahmatov. Kartinaning muvaffaqiyatida Alisher Majidov, Shavkat Sapashev, Asilbek Islombekov singari tasvirchilarning hissasi katta. Muhimi, ushbu kartina barchamizning Mashrab Boboyev haqidagi yorqin xotiralarimiz bilan uyg‘un, vobastadir.
Nazokat Usmonova, O‘zA