Soxta raqam qarzdorlikdan qutqara olmadi
Majburiy ijro byurosi Beshariq tumani bo‘limi xodimlari qarzdorlikni yopishdan qochib, o‘ziga xos «o‘yin» qilgan tadbirkorning hiylasini fosh etdi.
Xususan, byuro ish yurituvida «BR» MCHJning davlat byudjetidan bo‘lgan 6 milliard so‘mlik soliq qarzdorligini undirish haqidagi ijro hujjati mavjud edi. Mazkur mablag‘ni qoplash maqsadida korxona balansidagi «Nexia 3» rusumli avtotransport vositasiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Biroq qarzdor jamiyat vakillari mulkni musodaradan asrab qolish ilinjida qonunga zid yo‘l tutishgan. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida aniqlanishicha, qidiruvda bo‘lgan mashinaning asl davlat raqami yechib olinib, o‘rniga boshqa raqam noqonuniy ravishda taqib olingan. Shu tariqa «yangilangan» avtomobil hech narsa bo‘lmagandek yo‘llarda harakatlanib yurgan.
Lekin, MIB xodimlarining sa’y harakatlari natijasida mazkur holat uzoqqa cho‘zilmadi. Qalbaki raqamli transport vositasi to‘xtatilib, belgilangan tartibda jarima maydoniga joylashtirildi. Hozirda ushbu holat yuzasidan qonuniy choralar ko‘rish borasida ishlar amalga oshirilmoqda. 6 milliard so‘mlik qarzni undirish borasidagi ijro harakatlari esa qat’iy davom ettirilmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA