Sotqinlikmi yoki jamoatchilik nazorati?
Mulohaza
...Tezlik 128 km/soat. Magnitofondan taralayotgan kuy (agar shuni kuy deb bo‘lsa) quloqni qomatga keltirguday. Mashina motorining ovozi eshitilayotgan musiqadan-da baland. Kamiga keskin qayrilishlar...
Orqa o‘rindiqda ikki kishimiz. Mashinaga qo‘shilib, ikkimiz ham u yoqdan bu yoqqa borib kelyapmiz. Ko‘zim spidametr ko‘rsatkichiga, yuragim esa tovonimga tushadi. Kinolarda ko‘rganim xavfli tryuklar hozir ko‘z o‘ngimda sodir bo‘lyapti. To‘g‘rida esa chorraha! Haydovchi svetoforning sariq chirog‘ida o‘tib ketmoqchi bo‘lib, gazni oxirigacha bosdi: ulgurolmadi. Bu gal tormozni bosdi. Mashina ancha joygacha sirpanib, to‘xtash chizig‘idan o‘tibgina g‘ildiraklari asfaltga «yopishdi». Xayriyat-ye! Shu payt orqamizdan kelib to‘xtagan mashinaning yon oynasi ochilib, kimdir biz o‘tirgan ulovni mobil telefonida tasvirga ola boshladi.
– Aka, tirikchilik qilishga boshqa ish topolmadingizmi? Uyaling-ye! – deya taksichi tasvirga olayotgan kishi bilan aytishib ketdi.
* * *
So‘nggi yillarda qonunchiligimizda fuqarolarning qoidabuzarliklari haqida tegishli tashkilotlarga ma’lumot berganlarni rag‘batlantirish bo‘yicha bir qator normalar qabul qilingani sizu bizga ayon. Ushbu vaziyatga ikki tomonlama yondashilmoqda: bir tomon buni qoidabuzarlarga qarshi kurashishning rivojlangan davlatlar tajribasiga tayanib joriy etilgan zamonaviy usuli desa, boshqa tomon chaqimchilik, sotqinlik, xoinlik deya baholamoqda. Xo‘sh, qarashlarning qay biri to‘g‘ri? Keling, ushbu fikrlarning ma’naviy-axloqiy hamda tarixiy ildizlarini tahlil qilib ko‘rsak.
«Chaqimchi – biron kimsaning sirini ochuvchi, birovlar ustidan maxfiy xabar yetkazib turuvchi shaxs kabi ma’nolarni bildiradi» («O‘zbek tilining izohli lug‘ati», 2020 yil, 4-tom, 466-bet).
Internet tarmog‘ining vikil lug‘atida esa informator atamasi davlat muassasasi, jamoat joylari yoki xususiy korxonalarda mavjud yoxud ehtimolli qoidabuzarliklar haqida xabar yetkazuvchi shaxs deb ataladi, deyilgan.
Sababi nimada?
Nega jamiyatdagi qoidabuzarliklar haqida xabar berganlarni chaqimchi, terpila, pisar deb kamsitamiz? Qonunbuzarlikni ko‘ra-bila turib, tegishli idoralarga xabar berishdan ko‘ra, «och qornim – tinch qulog‘im» prinsipida ish tutib, jim turishni afzal bilamiz? Ehtimol, buning asoslari tarixiy ildizlarga borib taqalar. Ulardan eng asosiylarini keltirib o‘tsak.
Birinchi sababni 80–90-yillar kriminal dunyosining ijtimoiy holati bilan bog‘lashimiz mumkin. O‘sha davrda jinoyat olami vakillarining obro‘si ortishi natijasida «ko‘cha» tartiblari paydo bo‘lishi va jinoiy to‘daboshilarning davlat ishlariga aralashish holatlari ham kuzatilgan. Yozilmagan qonun deya tilga olinadigan «ko‘cha» tartiblariga bo‘ysunish davlat qonuniyatlariga rioya qilishdan ko‘ra afzalroq bo‘lgan bir davrda qoidabuzarliklar haqida tegishli organlarga ma’lumot yetkazgan shaxslar aksar hollarda «xoin» sifatida ko‘rilib, «vor v zakone»lar tomonidan shafqatsiz «sud» qilingan. Natijada «ko‘cha» madaniyatining ajralmas bir qismi bo‘lgan davlat organlariga ma’lumot yetkazmaslik, muammolarni o‘ziga xos yozilmagan qoidalar asosida hal etish, davlat organlari bilan hamkorlik qilganlarni qoralash odatlari paydo bo‘ldi. «Xabar yetkazgan – sotqin». «Qonunga itoat emas, nimagadir yo kimgadir sadoqat muhim». Shu kabi «aqidalar» avj olishi natijasida yozilgan qonunlar emas, yozilmaganlari ishlay boshlab, vijdonga, qonunga va huquqiy jamiyatga emas, balki ayrim shaxslarga sadoqat katta ahamiyatga ega bo‘lib borgan.
Asta-sekin bu odatlar an’anaga aylanib, millat ruhiga singib bordi va dunyo amal qiladigan tartiblar g‘ayrioddiy, noto‘g‘ri ishdek tushunilib, tushunchalar o‘rni almashib qolishiga olib keldi. Hozir ham jamiyatdagi ko‘pchilikning ana shu «vor v zakon»lar iste’molga kiritgan tushunchalar ta’sirida ekanini ko‘rish mumkin. Ammo, bugun jamiyatimizda ko‘cha tartib-qoidalari, guruhbozlik kabi holatlarning soyasi ham yo‘q. Fuqarolarimiz qoidabuzarlik holatlarini tegishli organlarga qo‘rqmasdan xabar qilishlari mumkin. Ammo shaxsiy kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, yurtdoshlarimiz ko‘pgina holatlarda jim turishni afzal biladi.
Jamiyatimizda qoidabuzarlik haqida xabar berganlarni mukofotlash tizimi joriy etilganidan so‘ng turli qarashlar shakllandi. Kimdir buni yoqlasa, yana kimdir qoraladi
Dunyo tajribasida-chi?
AQSH hamda Yevropa mamlakatlarida davlat va xususiy sektorda turli xil jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida sud qarori bilan musodara qilingan mulkdan ma’lum qismi jinoyat haqida xabar yetkazuvchiga to‘lab beriladi. Rivojlangan davlatlarda qonunbuzarliklar haqida xabar berish nafaqat qonunchilikda belgilab qo‘yilgan, balki jamiyatda ham normal holat sifatida qabul qilinadi. Albatta, ularga nisbatan munosabat doim ham ijobiy bo‘lavermaydi. Shu sababli «vistlblover»larning huquqlarini himoya qilish uchun millionlab pul sarflanadi. Natijada qonunbuzarlik haqida berilgan ma’lumot tufayli davlat ko‘rishi mumkin bo‘lgan anchagina zararning oldi olinadi.
Bir narsani unutmaslik kerak: har qanday ma’lumot ham fakt bo‘lavermaydi. Xabar yetkazuvchi faqat dalil berishi mumkin. Uning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirish va adolat o‘rnatish faqat davlat zimmasidadir. Shuning uchun ham jamoatchilik nazorati yuqori bo‘lgan jamiyatda qoidabuzar haqqoniy javobgarlikka tortiladi, xabar yetkazuvchi esa bu adolatning yuzaga chiqishiga yordam beradi, deb qaraladi. Bizning jamiyatda esa negadir buning aksi. Ya’ni qoidabuzarlik haqida xabar berish – o‘zinikilarni sotish. Xabar berganni xuddi uyatli ish qilgandek tahqirlaymiz. Buning isbotini yuqoridagi holatda ham ko‘rishimiz mumkin. Chunonchi, qonunga, tartibga itoat qilish emas, nimagadir yoki kimgadir sadoqati muhim.
Natijada esa...
Rivojlangan davlatlarda ichki auditga o‘xshash jamoatchilik nazorati degan tizim shakllangan. Bu orqali jamiyatdagi qonun hamda ijroiya organlarining faoliyati muvofiqlashtirib boriladi. Samarasi esa oddiy. Kishilar qoidabuzarliklar haqida xabar yetkazishni qonuniyatlarda keltirilgan tartib sifatida emas, balki fuqarolik majburiyati deb biladi. Dunyoga nazar solsangiz, rivojlangan jamiyatlarning barchasi kuchli fuqarolik pozitsiyasiga ega.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, muammoning barini davlat zimmasiga yuklayverish, undan imdod kutib o‘tiraverish ham yechim sanalmaydi. Davlat – hammamiz. Qonunlarga rioya qiladiganu qilmaydigan fuqarolar ham davlatning tarkibiy qismi. Ko‘chalarga tashlab ketilayotgan chiqindi, sigareta qoldig‘i yoki yo‘llardagi qoidabuzarlik haqida xabar berish bilan biz «kozyollar» jamiyatiga aylanib qolmaymiz. Aksincha kuchli jamoatchilik nazorati tushunchasi shakllanishiga, amalda ishlay boshlashiga va eng muhimi, bu insonlar hayotida aks etishiga olib keladi. Bundan esa barchamiz birdek manfaatdor bo‘lamiz.
Sherzod EGAMBERDIEV,
O‘zJOKU harbiy jurnalistika
yo‘nalishi talabasi
O‘zA