So‘nggi o‘n yilda mamlakatimizda 10 million aholiga xizmat ko‘rsatadigan yangi poliklinika va shifoxonalar ishga tushdi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvi boshlandi. Davlatimiz rahbari ularni yaqinlashib kelayotgan kasb bayrami bilan tabriklab, mehnati uchun minnatdorlik bildirdi.
– Oilasining baxtini ko‘rish, halol mehnat qilib, orzulariga yetish, umrini mazmunli o‘tkazish uchun odamga, avvalo, sog‘liq kerak. Shu bois, inson salomatligini asrashni islohotlarimizning eng muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilaganmiz,– dedi Prezidentimiz.
So‘nggi o‘n yilda mamlakatimizda 10 million aholiga xizmat ko‘rsatadigan yangi poliklinika va shifoxonalar ishga tushdi, 58 ming shifo o‘rni yaratildi. Zamonaviy shifoxonalar ko‘payib, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi uch karra oshdi.
Ilgari chet elda amalga oshirilgan tug‘ma yurak nuqsonlari, a’zolar transplantatsiyasi, robot jarrohligi va bosh miyadagi murakkab jarrohlik amaliyotlari kabi yuzdan ziyod xizmatlar bugun mamlakatimizda bajarilmoqda.
Prezidentimiz bu natijalarda tibbiyot xodimlarining bilim va mahorati hal qiluvchi o‘rin tutayotganini qayd etdi.
O‘zA