Soliqni o‘z vaqtida to‘lang, aks holda...
Davlat soliq qo‘mitasi, Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi soliq qarzlarini undurishni tashkil qilish bo‘limi hamda Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida qarzdorlarning mol-mulkini xatlash va soliq qarzini undirish tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Mol-mulkni xatlash va soliq qarzini undirishga qaratilgan galdagi tadbir Yangiyo‘l shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “Hyew lucky future” MCHJda tashkil etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur korxonaning 2022 yil 10 may holatiga 143284,3 million so‘m soliq qarzdorligi mavjud bo‘lgan. Shu tufayli soliq qarzini uzish to‘g‘risida talabnomalar yuborilib, soliq majburiyatlarini belgilangan muddatlarda bajarilishi, aks holda davlat soliq xizmati organlari tomonidan, Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan, 15 kundan so‘ng xatlov ishlarini amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Shunga qaramasdan, hozirgacha MCHJ tomonidan soliq qarzdorligi so‘ndirilmagan. Yakuniy chora sifatida soliq organi rahbari tomonidan chiqarilgan xatlov qaroriga asosan, tashkilotga tegishli bo‘lgan texnika jihozlari xatlandi.
Shuningdek, Chinoz tumanidan ro‘yxatdan o‘tgan “Chinoz tuman yo‘ldan foydalanish” unitar korxonasida ham xatlov tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bu korxonaning joriy yil 10 may holatiga 761 588,1 million so‘m soliq qarzdorligi mavjud bo‘lgan. Biroq belgilangan majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmagan, mavjud qarzdorlikni qoplamagan korxonaga tegishli talabnomalar yuborilgan. Nihoyat xatlov qarori asosida jamiyatga tegishli bo‘lgan noturar bino va paxta tolalari soliq qarzdorligi hisobiga xatlandi.
Tahlillarga ko‘ra, Toshkent viloyatida joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida 236,4 milliard so‘m soliq qarziga ega 3 ming 600 ta ob’ektda xatlov tadbiri o‘tkazilib, shundan 1 ming 930 ta holatda 70,2 milliard so‘m mablag‘ undirildi. Shu bilan birga 3 ming 600 ta qarzdorning 248,4 milliard so‘mlik soliq qarzdorligi hisobiga mol-mulk, shundan 356 ta bino va inshoot, 196 ta transport vositalari va 3 ming 48 ta boshqa turdagi mulklar xatlandi.
Ta’kidlash lozimki, davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq qarzdorligining ortib borishiga yo‘l qo‘ymaslik, soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish, mahalliy byudjetlarga tushumlarni ko‘paytirish maqsadida amalga oshiriladi. Maqsad kimnidir jazolash yoki birovning mulkini olib qo‘yish emas, aksincha qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi manfaatlarini himoya qilishdir.
A.Musayev,O‘zA.