Soliqlarni vaqtida to‘lang, aks holda ...
Buxoroda soliq qarzdorliklarini undirish bo‘yicha keng qamrovli ijro harakatlari olib borilmoqda. Bu borada tegishli davlat idoralari bilan hamkorlikda olib borilayotgan qo‘shma tadbirlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda Qorako‘l tumanida ham soliq qarzdorliklarini undirish bo‘yicha keng qamrovli ijro harakatlari olib borildi.

Tuzilgan ishchi guruhi shu kuni hududdagi qarzdorligi mavjud bo‘lgan korxonalarning davlat oldidagi qarzi evaziga ular ixtiyoridagi avtotransport vositalarini soliq kodeksining 114-moddasiga asosan belgilangan tartibda xatlovga oldi.
Jumladan, “Sattor Juma” fermer xo‘jaligining 30 million so‘mdan ortiq soliq qarzdorligi mavjud. Korxonaga hisoblangan soliq qarzdorligini bartaraf etishni so‘rab soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan bir necha marotaba ogohlantirish xatlari yuborilgan. Ammo mavjud qarzdorlik bartaraf etilmagan. Shu bois, tadbir davomida fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan avtomashina xatlanib jarima maydonchasiga kiritildi.

Xuddi shunday, “Ozodbek Ravshanov” fermer xo‘jaligining ham davlat oldidagi soliq qarzdorligi 55 million so‘mdan oshadi. Ishchi guruhi ushbu fermer xo‘jaligining rahbari bilan uchrashib soliq qarzini uning mol-mulkini xatlash va taqiq qo‘yish to‘g‘risidagi qarori bilan tanishtirdi.
Fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan avtomashinaga soliq qarzdorligi mavjudligi yuzasidan taqiq qo‘yilganligi bois vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga kiritildi.

Soliq qarzdorliklarini undirish yuzasidan ijro hujjatlari bo‘yicha olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida mazkur qarzdorlarga zudlik bilan soliq qarzdorliklari ixtiyoriy ravishda bartaraf etilmasa xatlangan mulklar belgilangan tartibda baholanib, sotuvga chiqarilishi tushuntirildi.
Bu kabi qo‘shma tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazilishi belgilangan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.