Soliqchilarning “mahallabay” ishlashi o‘z samarasini bermoqda
Buxoro shahrining Alisher Navoiy va Furqat mahallalariga biriktirilgan soliq inspektori Najmiddin Bozorov joriy yilning fevral oyi uchun belgilab berilgan ayrim ko‘rsatkich rejalarini 15 kunda uddalashga erishdi.
Xususan, hududdagi biznes vakillariga “Soliqchi–ko‘makchi” tamoyili asosida to‘g‘ri yo‘nalishlar ko‘rsatilgan holda ularning tovar aylanmasi 15 kunda 2 milliard 400 million so‘mga oshirildi.
Xuddi shunday, ushbu mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorining suv solig‘i bo‘yicha fevral oyidagi ko‘rsatkichi ( prognoz 290 million) ham 15 kunda 363 million so‘mga bajarildi.

Bundan tashqari, Najmiddin Bozorov norasmiy ishlaydigan yollanma ishchilarning mehnat munosabatlarini to‘liq rasmiylashtirish masalasiga e’tibor qaratib, amaldagi mehnat qonunchiligini bilmasdan kunlik ish haqini naqd pul ko‘rinishida olib yurgan 9 nafar fuqaroning faoliyatini ham legallashtirishga erishdi. E’tiborlisi, ushbu holat ham uning fevral oyi uchun belgilab berilgan ko‘rsatkich reja ijrosining 76.6 foizga ko‘tarilishiga zamin yaratdi.
– Menga biriktirilgan Alisher Navoiy va Furqat mahallalarida 352 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti, 2 212 ta mol-mulk, 1 362 ta yer solig‘i hamda 289 ta deklaratsiya soliq to‘lovchilari bor, – deydi Najmiddin Bozorov. – Shuningdek, 512 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan.
Mahallaga biriktirilgan soliq inspektori joylarda fuqarolarga rasmiy daromadning pensiyaga chiqishda muhimligi, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga onlayn nazorat kassa mashinalaridan muntazam tarzda foydalanish, xarid cheklarini berish, ishchi-xodimlar sonini yashirmaslik, hisobotlarini o‘z vaqtida topshirish yuzasidan kunlik tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Yuzma-yuz muloqotlar va “mahallabay” ishlash tizimi esa yuqorida ta’kidlaganimizdek, o‘z samarasini ko‘rsatyapti.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri