Soliq toʻlovchilar uchun seminar
Tadbir avvalida viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi AzamatBozorov tomonidan soliq tizimidagi yangiliklar haqida tushuncha berildi.
Qashqadaryo viloyati hokimligining majlislar zalida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan amaliyotga joriy etilgan yangilik va oʻzgarishlarning mazmun-mohiyati bilan soliq toʻlovchilarni tanishtirish maqsadida seminar tashkil etildi.
Yigʻilishda viloyat hokimi Z.Mirzayev, viloyat sektor rahbarlari, shahar va tuman hokimlari, mutasaddi tashkilot vakillari va bugungi kunda faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan korxona, tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.


Tadbir avvalida viloyat davlat soliq boshqarmasi boshligʻi AzamatBozorov tomonidan soliq tizimidagi yangiliklar haqida tushuncha berildi. Aytish joizki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida soliq tizimini isloh qilishda katta ijobiy siljishlar boʻldi. Bunda asosiy gʻoya tenglik, soddalik, aniqlik va samaradorlik prinsiplariga asoslangan yangi soliq tizimini yaratishga qaratilgan. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi 71 ta bob 480 ta moddadan iborat boʻlib, soliq qonunchiligida bir qator yangiliklar joriy etilgan.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarib berish tizimi tubdan oʻzgartirildi. Xususan, soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida ijro etgan soliq toʻlovchilarga 2020-yilning 1-iyulidan boshlab qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha hosil boʻlgan ortiqcha summani, yaʼni “manfiy” qoldiq summasini toʻliqligicha qaytarish tartibi joriy etilmoqda. Shuningdek, asosiy vositalar hamda koʻchmas mulk obyektlari xarid qilinganda yoki yangidan barpo etilganda qoʻshilgan qiymat soligʻini bir yoʻla hisobga olinishini nazarda tutuvchi tartib oʻrnatildi.


Jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadigan mol-mulk va yer soliqlarini toʻlash borasida ham qator yangiliklar kiritildi.
Qashqadaryo viloyatida bugungi kunda 680 mingga yaqin mol-mulk va yer soligʻi toʻlovchi jismoniy shaxslar mavjud. Avval jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarni toʻlash toʻgʻrisidagi toʻlov xabarnomasini soliq toʻlovchilarga yetkazish muddati 1-maygacha edi. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan ushbu muddat 1-mart etib belgilandi. Jismoniy shaxslar tomonidan hisoblangan soliqlarni toʻlash muddati avval 15-oktyabrgacha etib belgilangan boʻlsa, endilikda soliqlar teng ulushlarda 15-aprel va 15-oktyabrga qadar toʻlanishi haqida belgilandi.


Tadbirda shuningdek, tadbirkorlar oʻzlarini qiynayotgan masalalar yuzasidan mutasaddilarga murojaat etdilar. Har bir murojaat boʻyicha tadbirkorlarga faoliyatini qayta tiklashi uchun tegishli tavsiyalar berilib, amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.