Soliq – korrupsiyadan xoli tizim
Jizzax viloyati soliq boshqarmasida tizimda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, soliq xizmati xodimlarining kasb odobi, soliq tekshiruvlarini o‘tkazishda xolislik tamoyiliga rioya etishi mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Soliq qo‘mitasi vakillari, viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i va boshqarmaning shaxsiy tarkibi hamda onlayn tarzda hududiy davlat soliq inspeksiyalari rahbar va xodimlari ishtirok etdi. Mazkur tadbir davomida, har bir davlat soliq xizmatchisi xizmat vakolati doirasidan chetga chiqmasligi, jinoiy qilmishlar va boshqa huquqbuzarliklar sodir etmasligi, zimmasiga yuklatilgan vazifasini vijdonan bajarishga chaqirilib, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini cheklash, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish, to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq noqonuniy harakatlar amalga oshirilgan taqdirda, unga jazo muqarrarligi ham alohida ta’kidlab o‘tildi.

– Ushbu tadbir davomida Prezidentimizning 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati haqida ham atroflicha fikr yuritildi, – deydi Jizzax viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Toshpo‘latov. – Har bir soliq idorasi vakiliga, soliq to‘lovchilar bilan muloqot davomida korrupsiya va tamagirlik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, ular bilan xushmuomalada bo‘lish, xizmat vakolatlari doirasidan o‘z shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanmaslik bo‘yicha atroflicha tushunchalar berildi.


Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – har bir soliq xodimi korrupsiyaga qarshi kurashishni o‘zining muqaddas burchi va vazifasi deb bilishi lozimligini yetkazishdan iborat. Shuningdek, muloqot davomida soliq xodimlari diniy ekstremizm va terrorizm kabi buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasliklari va bu borada mustahkam bilimga ega bo‘lishlari xususida ham atroflicha tushunchalar berildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA