Soliq boshqarmasida “Ochiq eshiklar kuni”
Andijon viloyati soliq boshqarmasi tomonidan talabalar uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi. Unda Andijon iqtisodiyot va qurilish institutining iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan bitiruvchi talabalar ishtirok etdi.
Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimiz soliq tizimida keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotganligi, bu yurtimiz iqtisodiy salohiyati va aholining turmush farovonligini yuksaltirish, byudjet taqchilligining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etayotganligi ta’kidlandi.
“Ochiq eshiklar kuni” tadbiri davomida talabalar viloyat soliq boshqarmasi faoliyati, tizim xodimlarining ish jarayonlari, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
[gallery-20466]
Shuningdek, talabalarga soliq xizmati organlari xodimlarining soliq ma’murchiligini tashkil qilish, mahallabay va korxonabay ishlash, “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyillari, shuningdek, amaldagi dasturlar asosida olib borilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar haqida ham ma’lumot berildi. Bundan tashqari, talabalar bilan soliq tizimi faoliyati, yoshlarning qiziqish va imkoniyatlari xususida suhbat o‘tkazildi.
– Viloyat soliq boshqarmasida bo‘lib, davlatimizning soliq siyosati, tizimning asosiy yo‘nalishlari haqida keng ma’lumotlar oldik, – deydi Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti 4-bosqich talabasi Muhammadqodir Razzoqov. – Bu yerda o‘rganganlarimiz, olgan ma’lumotlarimiz o‘qishda, ayniqsa, diplom ishi yozish jarayonida, qolaversa, kelgusidagi faoliyatimizda albatta, qo‘l keladi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari