Sohaga e’tibor xizmat sifatini oshirmoqda
Keyingi yillarda sog‘liqni saqlash tizimida “Inson qadri uchun” tamoyiliga asosan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar xalqimiz salomatligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyati filialida bemorlar uchun barcha sharoit va imkoniyat yaratilgan. Markaz 75 o‘rindan iborat bo‘lib, 203 nafar xodim faoliyati yuritmoqda. O‘tgan bir yil davomida 22 ming 725 nafar bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatildi.
– Muassasamiz 20 o‘rinli havo-tomchi, 25 o‘rinli ichak infeksiyasi, 30 o‘ringa mo‘ljallangan virusli gepatit bo‘limidan iborat, – deydi filiali direktori Baxtiyor Bozorov. – Barcha bo‘limlarda bemorlar uchun xizmat ko‘rsatish bepul amalga oshirib kelinmoqda. Bugungi kunda bakteriologik laboratoriyada o‘tkaziladigan tahlillar soni 18 turni, klinik laboratoriyada esa 41 turni tashkil etadi.
Gepatologiya markazi 2018 yilda ish faoliyatini boshlagan bo‘lib, qisqa fursatda xizmat ko‘rsatish sifati bilan aholiga manzur bo‘lmoqda. Ushbu markazda faqat tahlil topshirish xizmati pullik amalga oshiriladi. “A”, “B” gepatit kasalligi aniqlangan bemorlar ro‘yxati shakllantirilib, ularga dori-darmonlar bepul tarqatilmoqda.
– Prezidentimizning 2022 yil 16 maydagi “ Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida virusli gepatitlarning “V” va “S” turlarini erta aniqlash uchun viloyatimizning barcha hududlarida skrining tekshiruvlari o‘tkazilib, kasallikni davolash qamrovi oshirildi, – deydi B.Bozorov. – Markazimiz shifokorlari tomonidan virusli infeksiyalar yuqishining oldini olish tadbirlari bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish, targ‘ibot va tashviqot ishlari muntazam olib borilmoqda.
Hozirgi kunda Markazning moddiy ta’minoti, xususan, dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash darajasi 95 foizni tashkil qiladi. Joriy yildan boshlab oziq-ovqat, sterilizatsiya va kir yuvish xizmatlari autsorsing asosida yo‘lga qo‘yildi. Aytish joizki, birgina 2022 yilda 5 ta kompyuter, har birining qiymati 21 million 594 ming so‘mlik 2 ta laringoskop, shuningdek, qiymati 21 million 605 ming so‘mlik vakuumli aspirator olib kelindi. Joriy yilning birinchi mavsumida esa ovoz berish yo‘li bilan “Ochiq byudjet” loyihasi asosida 2 turdagi 750 million so‘mlik raqamli rentgen va 392 million 500 ming so‘mlik ultratovush diagnostikasi (UTT) apparatlari olindi. Shuningdek, o‘tgan yilda shifoxonaning 1-qavatida joylashgan havo-tomchi va bakteriologiya tahlilxona bo‘limlarida qariyb 77,9 million so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirildi. Bu esa aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash imkonini yaratmoqda.
Shifoxonada davolash jarayoniga innovatsion, yuqori texnologik usullarni tatbiq qilish maqsadida kasbiy malakani oshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, hamshira Saodat Muhiddinova ikki haftadan ortiq vaqt davomida Turkiya safarida bo‘lib, malaka oshirib qaytdi.
Bundan tashqari, shifokorlar ham har yili Toshkent, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan seminar va forumlarda faol ishtirok etishmoqda. Farrux Shukurovning Sankt-Peterburgda, Jalol Berdiyevning esa Istanbul shahrida malaka oshirishi rejalashtirilgan. Albatta, erishilayotgan natijalar sohaga qaratilgan katta e’tibor, inson qadri va salomatligiga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning bir ko‘rinishidir.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri