Sog‘lomlashtirish tadbirlari o‘tkazildi
Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida “Salomatlik oyligi” doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kambag‘allik reyestriga kiritilgan aholi vakillari uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
“Bor mehrimiz shu Vatan, shu xalq uchun!” shiori ostida o‘tkazilgan aksiya doirasida viloyat davolash profilaktika muassasalarining 20 ga yaqin tor soha mutaxassislari aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi.


Manzilli, bepul va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish orqali har bir insonning hayoti hamda salomatligini asrash, kasalliklarni erta aniqlash va ehtiyojmand aholiga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida o‘tkazilayotgan “Sog‘lomlashtirish oyligi”da 250 nafarga yaqin aholi vakillari ishtirok etdi. Tibbiy ko‘rik jarayonida 63 nafar fuqaroda turli xil kasalliklar aniqlanib, ularning 42 nafariga ambulator, 19 nafariga esa statsionar davo choralari qo‘llanilgan bo‘lsa, 2 nafar bemorga viloyat markazidagi davolash muassasalariga jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish va davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.


Oylik doirasida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, unda to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik darajasini oshirish, tamaki va alkogol mahsulotlarini iste’mol qilishdan voz kechish, yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri