Sog‘lom turmush tarzi salomatlik omili
Kogon shahridagi markaziy oilaviy poliklinikada tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti klinikasi shifokorlari va soha mutaxassislaridan iborat tibbiy guruh 500 dan ziyod fuqarolarni ko‘rikdan o‘tkazdi. Jarroh, onkolog, akusher-ginekolog, endokrinolog, oftalmolog, terapevt va nevropatologlar kabi malakali shifokorlar aholiga kerakli tavsiyalar berdi. Mutaxassislarning tavsiyalarini sifatli hamda tezkor tashkil qilish maqsadida hududlarda laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.

Institut va joylardagi tibbiyot muassasalari xodimlari bilan hamkorlikda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan bir vaqtda yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazildi. Sog‘lom ovqatlanish qoidalari, shu bilan bir qatorda jismoniy faollikni oshirish borasida kerakli tavsiyalar berildi.

Shuningdek, Buxoro davlat tibbiyot instituti professorlari Kogon shahar tibbiyot birlashmasi shifokorlari bilan birga aholi salomatligini mustahkamlash, sifatli tibbiy ko‘rikni mahallalar kesimida olib borish borasida aholi bilan muloqot o‘tkazmoqda.

– Ushbu tadbirlar davlatimiz rahbarining kuni kecha Buxoro viloyati faollari bilan uchrashuvdagi topshiriq va ko‘rsatmalarini joylarda amalga oshirish va aholi salomatligini yaxshilashga qaratilgan, – deydi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev. – Shuningdek, tadbirlarda sog‘liqni saqlashning birinchi bo‘g‘inida kasalliklar profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va asoratlarining oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Eng muhimi, aholiga sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish hamda jismoniy faollik har qanday kasallik, jumladan, endokrin kasalliklarning oldini olishning asosiy sharti ekani mutaxassislar tomonidan tushuntirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri